Sog‘liqni saqlash sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Abiyev va soha mas’ullari ishtirokida sog‘liqni saqlash sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

A.Abiyevning ta’kidlashicha, bugungi kunda aholiga 215 o‘rinli markaziy shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 3 ta hududiy bo‘lim, 4 ta oilaviy poliklinika, 13 ta oilaviy shifokorlik punkti, 27 ta mahalla tibbiy punktlari, jami 49 ta davolash profilaktik muassasalari tomonidan statsionar va ambulator yo‘nalishda tibbiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida “mahalla tibbiy punkt”lari tashkil etish orqali olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilandi.

Tuman tibbiyot birlashmasi va unga qarashli muassasalarda elektron poliklinika tizimini joriy qilish va moddiy-texnik bazani yangilash maqsadida jami 671825,0 ming so‘mlik jihozlar: jumladan, 19 ta televizor, 90 ta kompyuter, 17 ta printer, yana shuncha termoprinter va 18 ta svitch lampa tarmog‘i xarid qilindi.

Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash maqsadida Nurobod tumanining olis va chekka hududlariga 23 ta maxsus konteynerlar o‘rnatildi.

Shuningdek, tumandagi har bir oilaviy shifokorlik punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator hamshiralari faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda aholini xatlovdan o‘tkazish, kardiologik skrining, fuqarolar qabullarini shakllantirish jarayonlari MED XAB tizimi orqali yuritib kelinmoqda.

Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar tomonidan yo‘llangan savollarga A.Abiyev tomonidan batafsil javoblar berildi.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM