Xorazmdagi imkoniyatlar va ularni ishga solish boʻyicha vazifalar muhokama qilindi

1-mart kuni Urganch shahrida Xorazm viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha galdagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, aholiga munosib sharoitlar yaratish, bandlikni taʼminlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotganini taʼkidladi.

Xususan, oxirgi 7-yilda Xorazmda 600 mingta ish oʻrni yaratilgan. Bugun viloyat yalpi mahsuloti hajmi 37 trillion soʻmga, aholi jon boshiga 19 million soʻmga yetgan.

Shu bilan birga, tobora oʻzgarib borayotgan zamon, odamlarning talab va istaklari yangi-yangi vazifalar qoʻymoqda. Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar, viloyatdagi zaxiralarni ishga solish boʻyicha yangi imkoniyatlar belgilab olindi.

Xorazmda kichik va oʻrta biznesni yanada qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi maʼlum qilindi. Buning hisobidan 5 ming 500 tadbirkorga koʻmak berib, 50 ming doimiy ish oʻrni tashkil etish mumkinligi aytildi.

Iqtisodiyotdagi asosiy vazifalardan biri – viloyatda sanoatni rivojlantirish. Buning uchun eng zarur omillar davlat tomonidan hal etib berilmoqda.

Kecha Amudaryo ustida kuniga 12 mingta avtomobil, 24 ta poyezdni oʻtkazish quvvatiga ega ulkan koʻprik ochildi. Bu transport aloqalarini yaxshilab, yuk tashish xarajatlarini kamaytirib, biznes va xizmatlar rivojiga qoʻshimcha turtki beradi.

Sanoat uchun barqaror energiya manbalari ham zarur. Shu maqsadda Tuproqqalʼa tumanida Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi bilan hamkorlikda 100 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. U yil yakunigacha ishga tushadi.

Shuningdek, Xorazmda qiymati 10 milliard dollarlik yirik gaz-kimyo majmuasini barpo qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy kompaniyalar bilan muzokara olib borilmoqda. Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish oʻrni yaratiladi, yiliga 2,5 million tonna yuqori qoʻshilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi.

Sanoat loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirish choralari belgilandi. Qayd etilganidek, Xorazmga Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasidan 100 million dollar yoʻnaltiriladi.

Biznesni rivojlantirish banki tomonidan kichik va oʻrta sanoat loyihalariga 1,5 milliard soʻmgacha 18 foizdan 7-yil muddatga kreditlar beriladi.

Bundan tashqari, 1-apreldan boshlab, import uskunalar, ehtiyot qism va xomashyo 5-yilga bojxona toʻlovidan ozod qilinadi, qoʻshilgan qiymat soligʻini 180 kunga kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi. Mahalliylashtirish loyihalariga olingan kredit foizining 10 foiz bandi qoplab beriladi.

Davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirishda 5-yil ichida boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi. Iqtisodiy va sanoat zonalarida olgan majburiyatini bajargan tadbirkorlar yer va binoni xususiylashtirishi mumkin boʻladi. Eksportchilarga boshqa viloyatdan xomashyo yetkazib berish uchun yoʻl xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

2020-yilda uchta bank ishtirokida tuzilgan investitsiya kompaniyasi transformatsiya qilinib, unga tadbirkorlarga 30 foizgacha ulushdor boʻlib kirish vakolati beriladi.

Hazorasp erkin iqtisodiy zonasidan samarali foydalanib, sanoat loyihalarini joylashatirish, Urganch tumanida Texnopark tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Damas va Labo avtomobillari hamda ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, ip-kalavani qayta ishlash darajasini 60 foizga yetkazish, farmatsevtika mahsulotlarini koʻpaytirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi.

Umuman, yil yakunigacha viloyatga 1,5 milliard dollar sarmoya, shundan 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 million dollar eksportni taʼminlash mumkinligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Buning uchun 11,5 trillion soʻm kredit yoʻnaltiriladi, har bir tuman va shaharni kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Xorazmda Xitoy tajribasi asosida “uy sanoati” rivojlantiriladi. Masalan, Bogʻot, Yangiariq, Yangibozor, Qoʻshkoʻpir hamda Urganch tumanlarida jun va pillani qayta ishlash, Hazorasp, Xiva, Tuproqqalʼa va Xonqada gilam toʻqish ommalashgan.

Bu yoʻnalishlar qoʻllab-quvvatlanib, ipakchilik va gilamchilik kooperatsiyalari tashkil qilinadi. Xonadonlarda ixcham uskunalar oʻrnatish uchun 100 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida bu yil 5 mingta xonadonda intensiv usulda baliq boqish, 4 ming 400 ta xonadonga tikuvchilik, parranda, chorva, asalari va bogʻdorchilik boʻyicha moliyaviy koʻmak beriladi.

Xorazmning asosiy drayveridan biri turizm. Uni yanada rivojlantirish boʻyicha 3-yillik dastur qabul qilinishi belgilandi.

Sayyohlarga bir yil davomida cheklovsiz Xorazmga kirish uchun “Oʻzbekiston – mening ikkinchi uyim” viza tizimi joriy qilinadi. Urganch shahrida “Lazgi” va “Avesto” muzeyi tashkil qilinadi. Mehmonxona va dam olish maskanlari qurish, mavjud oʻrinlarni koʻpaytirish uchun imtiyozli kreditlar beriladi.

Bu orqali Xorazmga xorijiy turistlar oqimini 1 millionga, mahalliy sayyohlarni 4 millionga yetkazib, 20 ming ish oʻrni yaratish imkoniyati paydo boʻladi.

Xizmatlar sohasi rivojlanishi uchun transport infratuzilmasini yaxshilash zarur. Shu bois Urganch va mamlakatimizning boshqa shaharlariga aviachipta narxini arzon qilish uchun 30 milliard soʻm subsidiya beriladi. Aviaqatnovlar koʻpaytiriladi.

“Urganch-Xiva” trolleybus qatnovi oraliq vaqti qisqaradi, Urganchdan Xiva va Xonqaga elektrobus qatnovi qoʻyiladi.

Yigʻilishda qishloq va suv xoʻjaligidagi vazifalar ham koʻrsatib oʻtildi. Xitoy va boshqa davlatlardan shoʻr tuproqqa chidamli paxta navlarini olib kelib, yetishtirish zarurligi taʼkidlandi. Urganch shahrida ekin urugʻlarini sertifikatlash laboratoriyasi, har bir tumanda 40 tadan kichik sovutgichli ombor tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sholichilikda ham ilmiy yondashuvlarni joriy etish vaqti kelgan. Bu borada Filippindan olib kelingan shoʻrga chidamli navlarni Xorazm sharoitiga moslash, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda sholi urugʻchiligi korxonasi tashkil etish zarurligi aytildi. Sholichilikda hosildorlikni 150 sentnerga chiqargan dehqonlarga mahsulotining yarmini eksport qilishga ruxsat berish taklifi bildirildi.

Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikni kengaytirishga ham yangi imkoniyatlar belgilandi.

Toshsoqa kanalini tiklash loyihasining 2-bosqichi, kanallarni betonlash ishlarining borishi koʻrib chiqildi. 11 ming gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilish, 42 ming gektarni lazerli tekislash, nasos stansiyalarini texnologik yangilash topshiriqlari berildi.

Uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu yil 119 ta koʻp qavatli uy qurilib, 3,5 mingta oilaning yashash sharoiti yaxshilanadi. Hazorasp, Shovot va Urganch tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etiladi.

Elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni yangilash boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Viloyatdagi 233 kilometr yoʻl taʼmirlanadi. 322 ta mahallada ichki yoʻllar yaxshilanadi.

Xorazmdagi oliy taʼlim muassasalarida xorijiy dasturlar joriy qilinib, talabalarning xalqaro kvalifikatsiya olishi taʼminlanadi. Shifoxona va poliklinikalarda takrorlanadigan vazifalar maqbullashtiriladi. Eshitishda nuqsoni bor 500 nafar bola koxlear apparati, yana 2 ming nafari eshitish moslamasi bilan taʼminlanadi.

Umuman, yigʻilishda belgilangan chora-tadbirlarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion soʻm yoʻnaltirilishi taʼkidlandi.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM