Qurilish ishlarida «resurs usuli»dan «hajm usuli»ga o‘tiladi - prezident

Prezident qurilish loyihasi, tender, obektni qabul qilishda korrupsiya uchrab turgani, ayrim quruvchi tadbirkorlar yashirin ishlashga majbur bo‘layotganini aytdi. Endi qurilish ishlarida «resurs usuli»dan voz kechilib, «hajm usuli»ga o‘tiladi. Unda pudratchidan yakuniy natija so‘raladi.

29 yanvar kuni Shavvkat Mirziyoyev vazirlik va idora rahbarlari bilan yig‘ilishda uy-joy va qurilish sohasidagi eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

2024 yilda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma obektini qurish belgilangan. Lekin rahbarlar budjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash bo‘yicha namunali tizim yaratmagan. Qurilishga ajratilgan budjet mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan, talon-toroj va o‘g‘rilik qilingan.

Yig‘ilishda ayrim quruvchi tadbirkorlarning yashirin ishlashiga yoki bunday ishlashga majbur qiladigan shart-sharoitlar borligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va obektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi.

Endilikda loyiha qilishdan boshlab, obektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi.

2025 yil 1 yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilishda «resurs usuli»dan voz kechilib, «hajm usuli»ga o‘tiladi. 1 iyuldan bu usul yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinadi.

O‘zbekistonda amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari «resurs usuli»ga asoslangan. Unda 1 ta obekt qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan. «Hajm usuli»da esa pudratchidan yakuniy natija so‘raladi. Muhimi, quruvchi obektni o‘z vaqtida va sifatli topshirishi kerak, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida 1 iyuldan:

  • qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi;
  • pudratchi tashkilotlar bajargan qurilish ishlari faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi;
  • obektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar «Shaffof qurilish» orqali tasdiqlanadi;
  • 10 mlrd so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni faqat va faqat «Shaffof qurilish» tizimi orqali tanlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etiladi;
  • ishlab chiqaruvchi ham, quruvchi ham, nazorat qiluvchi ham qayerda qaysi qurilish materiali qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim bo‘ladi.  
2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM