Eng koʻp daromad koʻrgan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati eʼlon qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati 2023-yilning dastlabki olti oyi davomida respublikadagi 70 ta davlat oliy taʼlim muassasalarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tahlil qilinganini maʼlum qildi.

Maʼlum boʻlishicha, respublika kesimida eng koʻp daromadlar Oʻzbekiston Milliy universiteti (245 mlrd soʻm), Fargʻona davlat universiteti (191 mlrd soʻm), Qoraqalpoq davlat universiteti (188 mlrd soʻm) va Termiz davlat universiteti tomonidan (169 mlrd soʻm) shakllantirilgan.

Toshkent shahrida joylashgan eng koʻp daromad* koʻrgan oliy taʼlim muassasalarining qisqa roʻyxati quyidagicha:

1. Oʻzbekiston milliy universiteti – 245 mlrd soʻm;
2. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti – 165 mlrd soʻm;
3. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 151 mlrd soʻm;
4. Toshkent davlat texnika universiteti – 145 mlrd soʻm;
5. Toshkent moliya instituti – 102 mlrd soʻm.

*Izoh: Oliy taʼlim muassasalarining daromadlari byudjetdan moliyalashtirilgan mablagʻlar, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun tushgan tushumlar, rivojlantirish mablagʻlari boʻyicha daromadlar hisobidan shakllantiriladi.

Shuningdek, joriy yilning dastlabki olti oyida daromad va xarajatlar orasidagi ijobiy tafovuti yuqori boʻlgan OTMlar - Samarqand davlat chet tillar instituti (33 mlrd soʻm), Navoiy davlat pedagogika instituti (27 mlrd. soʻm), Termiz davlat pedagogika instituti (24 mlrd soʻm), Shahrisabz davlat pedagogika instituti (19 mlrd. soʻm).

Bundan tashqari, joriy yilning I yarim yilligi yakunlari boʻyicha xarajatlari daromadlaridan yuqori boʻlgan OTMlar - Namangan davlat universiteti (-230 mlrd soʻm), Chirchiq davlat pedagogika universiteti (-128 mlrd soʻm), Urganch davlat universiteti (-85 mlrd soʻm).

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda respublikada jami 210 ta OTMlar boʻlib, ulardan 115 tasi davlat organlari tasarrufidagi OTMlar, 65 tasi nodavlat oliy taʼlim muassasalari, 30 tasi xorijiy OTMlar va ularning filiallari hisoblanadi.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM