BAYRAM TABRIGI

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Nurobod tumani hokimi Sirojiddin Berdiqulovning

BAYRAM TABRIGI

 

            Assalomu alaykum, Aziz ayollar!

           Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

 

           Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami  8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy muborakbod etaman!

       Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

        Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

       

        Aziz va muhtarama opa-singillar!

        Hech kimga sir emas, ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ulug‘ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar.

        Bu haqda gapirganda, avvalo, buyuk shoir, alloma Mir Alisher Navoiy hazratlarining  “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir” degan hikmatli so‘zlarini yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.

        Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan Siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin.

        Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasida ekanligi  bilan har qancha faxrlansak arziydi.

        Bugun tumanimizning eng olis qishloq joylarida ham go‘zallik salonlari, tikuvchilik sexlari tashkil etildi. Kechagina maktabni tamomlagan qizlarimiz bugun tadbirkor, hunarmand bo‘lib mustaqil ravishda o‘z ishini boshlashga bel bog‘lashgan.

        Bahorning ilk bayrami munosabati bilan tumanimizning dilbar, fidoyi va mehribon xotin-qizlariga shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Siz har jabhada ilg‘or, tashabbuskor, ibratlisiz.

        Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

       

               Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis qizlar!

         So‘zimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

    Mening tilagim va niyatim bitta — oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘ling! Ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

        Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu-baraka tilayman.  Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin! 

            Hamisha sog‘-omon bo‘ling, munis opa-singillar!

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM