Samarqand davlat tibbiyot universiteti toʻliq raqamlashtirildi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti toʻliq raqamlashtirildi. Bugun ushbu oliy taʼlim muassasasida ichki hujjatlar, kutubxona ishi, talabalar yotoqxona bilan taʼminlash elektron portal orqali bajarilmoqda. 

Universitetning raqamli taʼlim texnologiyalar markazi rahbari Laziz Shukurov bunga qanday erishganini quyidagicha izohlaydi:
— Universitetimizda elektron  hujjatlar almashinuvi yildan-yilga takomillashtirilib, meʼyoriga yetkazildi. Bugun taʼlim dargohimizda rahbar oldiga hech qanaqa hujjat olib kirilmaydi. Hamma hujjatlar elektron  tarzda yuboriladi. Buni oʻzimiz ishlab chiqdik. Bunday tartibda ishlashni Respublikamiz oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi boʻlib yoʻlga qoʻydik. Masalan, talabnoma, bildirishnoma, buyruq, ariza yoki boshqa hujjatlar rahbarga elektron  tarzda yuboriladi. Rektor hujjatlarni xohlasa, oʻzi koʻradi yoki biron masʼul shaxsga ijrosini bajarishni yuklaydi. Masʼul shaxsning profilida oʻsha yuborilgan hujjat koʻrinadi, kim tomonidan yuborilgani va qancha muddatda bajarilishi koʻrsatiladi.

Talabalar yotoqxonaga qanday joylashtiriladi?
Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish masalasi avval dekanat, dekan oʻrinbosari, oʻqituvchi tyutor-hamma birdek ishlardi. Hozir  esa bizda talabalar turar joyini muvofiqlashtirish boʻlimi bor. Bu boʻlimda bir kishining oʻzi talabalarning borcha hujjatlarini elektron  tizim orqali qabul qiladi.

Portal interfaol hukumat my.gov bilan integratsiya qilingan. Buning uchun Davlat personallashtirish markazidan shaxsga tegishli maʼlumotlarni olish uchun sertifikat olingan. Oʻsha sertifikat boʻyicha roʻyxat asosida bizga tegishli fuqarolarning yashash joyi, oilaviy sharoiti haqida maʼlumotni elektron  tarzda olamiz, ehtiyoji yuqori boʻlganlarni saralashga yordam beradi. Masalan, talaba yotoqxonaga joylashish uchun online ariza topshiradi. Talaba kam taʼminlanganmi, “Yoshlar” daftariga kirganmi, uzoq viloyatdanmi, portalning oʻzi saralab beradi. Shuningdek, qoraqalpogʻistonlik talabalar nechanchi kurs boʻlishidan qatʼiy nazar, yotoqxona bilan taʼminlanadi.

Bu tizimning afzalligi shundaki, talaba hujjat koʻtarib kelib navbatda turmaydi. Talabaning arizasi koʻrib chiqilgach, unga yotoqxonaga qabul qilingani yoki qabul qilinmagani haqida SMS tarzda xabar beriladi. Nima uchun qabul qilinmagani haqida xabarda izoh beriladi. Masalan, baʼzilar “oilamda otam nogiron”, degan punktini tanlaydi, lekin asosli hujjat yuklamaydi. Bunday talabaga asosli hujjat yuborishi uchun yana bir imkoniyat beriladi. Agar u otasining nogironligi haqidagi qoʻshimcha hujjatni yuklasa, unga yotoqxonadan joy beriladi.

Universitet rektorining oʻzi ham ushbu tizimga yuborilgan arizalar va ularga berilgan javoblarni kuzata oladi. Integratsiya orqali talabaning maʼlumotini olish va adolatli tarzda ularning turarjoy bilan taʼminlash tizimini ham respublikada birinchi boʻlib joriy etdik.

Kitoblarga elektron buyurtma berish mumkin
Yaqinda yana bir yangi loyihaga qoʻl urildi. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida universitet kutubxonasidagi kitoblarga elektron  buyurtma berishni yoʻlga qoʻydik. Talaba bevosita saytimizga kirib, qaysi kitob kutubxonada mavjudligini koʻradi, buyurtma beradi va oʻsha kitobni kutubxona ushlab turadi. Talaba kelib, oʻzining loginini aytadi va kitobni olib ketadi. Ilmiy boʻlimdagi kitoblarni uzoq muddatga olish mumkin. Boshqa kitoblar ikki-uch kunga yoki bir oyga beriladi.

Talabadan “Hujjat qani?”, “Pasportingni ber”, “Talabalik guvohnomang bormi?”, “Bizda talabamisan?” degan savollar soʻralmaydi. Login kiritilgach, talabaning barcha maʼlumotlari chiqadi. Har bir talabaning olgan, bergan kitoblari ham elektron  tarzda hisoblab boradi. Kutubxonada nechta kitob bor, qanchasi talabalar qoʻlida, qanchasi qaytarilgan-hammasining hisoboti koʻrinib turadi.

Agar talaba berilgan vaqtda kitobni keltirmasa, tizim avtomatik ravishda belgilangan muddatni hisoblab, kitob keltirmaganini koʻrsatadi.

Mobil ilovamiz orqali barcha xizmatlardan foydalansa boʻladi
Universitetimizning mobil ilovasi bor. Mobil ilova professor-oʻqituvchilar, talabalar va ularning ota-onalariga moslashtirilgan. Unda rahbariyat toʻgʻrisida barcha maʼlumot, qolaversa, oʻquv binolarimizning joylashuvi mavjud. Masalan, endigina qabul qilingan talabalar oʻquv binosini biladi, ammo qayerda joylashganini bilmasligi mumkin. Mobil ilovada oʻsha binoning nomi tanlansa, Avtomat tarzda binoning nomi tanlansa, avtomat tarzda binoning qayerda joylashgani haqida xarita paydo boʻladi.

Shuning uchun mobil ilova barcha interfaol xizmatlarimiz joylashgan. Taʼlim platformamizga ham mobil ilova orqali barcha xizmatdan foydalansa boʻladi. Hatto kutubxonaning ham mobil ilovasi bor, u orqali talaba kitoblarni yuklab olishi mumkin. Talaba ilova orqali kitobni ochganda, kitob haqida qisqacha maʼlumotlar, yaʼni uning nomi, mazmuni, megabayti qanchaligi koʻrinadi.

Mobil ilovalar koʻzni ogʻritmasligi uchun kun-tun rejimlariga moslashgan. Shuningdek, ilovalar oʻzbek, rus, ingliz tilida ishlaydi. Kitob yuklangach, istalgan vaqtda uni oʻqish mumkin. Masalan, nechanchi betga kelganingizni ham eslab qoladi. Oʻqishga qulay boʻlishi uchun kitobning parametrini ham moslash mumkin, harflarni kattalashtirish, yon tomondan varaqlash yoki tepadan pastga qarab oʻqish imkoni bor. Mobil ilovaga talabalar zerikib qolmasligi uchun oddiy oʻyinlarni ham yuklab qoʻydik. Kitob oʻqishdan charchasa, biroz oʻzini chalgʻitishi uchun shunday qildik.

IT sohasi shunday sohaki, unda har kuni yangilik ishlab chiqiladi. Shuning uchun IT mutaxassislari har kuni oʻzi ustida ishlamasa boʻlmaydi. Bizning 15 kishilik boʻlimimiz xodimlari ham raqamli taʼlim texnologiyalari haqidagi bilimlarini takomillashtirilib, amaliyotda qoʻllash orqali talabalarga imkon qadar yengilliklar yaratyapti.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM