Joriy yilda Samarqand viloyatida 28 ming gektarga yaqin yer maydonida suv tejamkor texnologiyalar oʻrnatiladi

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida suv tanqisligining oldini olish, ekish mavsumida dalalarni sugʻorishda ilgʻor yondashuvlarni joriy etish ishlari Samarqand viloyatida ham izchil olib borilmoqda.Tahlillarga koʻra, oʻtgan yili viloyatda 285 qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan 19 ming 504 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalar oʻrnatilgan. Buning uchun davlat byudjetidan 76 milliard 64 million 350 ming soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan. Joriy yilda esa viloyat boʻyicha 27 ming 900 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish rejalashtirilgan.Turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Agro Boss” qoʻshma korxonasi tomonidan bu yil Samarqand viloyatida qariyb ming gektar yer maydonida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorishga ixtisoslashgan zamonaviy innovatsion texnologiya oʻrnatildi. Mobil texnologiyalarning yana bir qulayligi shundaki, ularni dalaning istalgan hududida oʻrnatish va qoʻllash imkoniyat mavjud. Zamonaviy texnologiyalar dunyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan uskunalar bilan jihozlangan.Suv tejamkor texnologiyalar oʻrnatilgani uchun davlat byudjetidan subsidiya mablagʻi ajratilishi oʻz samarasini bermoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Nurobod tuman boʻlimi boshligʻi Mamat Oʻrunov. — Xususan, oʻtgan bir necha yillar davomida Nurobod tumanida 1 ming 366 gektar lalmi yer maydonlarida suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan boʻlsa, 2022-yilning oʻzida 650 gektar maydonlarda zamonaviy texnologiyalar oʻrnatildi.Yaqinda esa Nurobod tumanidagi “Sarbon Sabr Nur” fermer xoʻjaligida Turkiya texnologiyasi asosida jihozlangan, loyiha qiymati 1 milliard soʻmlikdan ortiq yomgʻirlatib sugʻorish uskunasi ishga tushirildi.Jami 63 gektar lalmi yer maydonlarini yomgʻirlatib sugʻorishga ixtisoslashgan mazkur innovatsion mobil texnologiya turli afzalliklarga ega. Yillar davomida yomgʻir va qor suvlari evaziga lalmi yerlarda gʻalladan gektariga 5-6 sentnerdan hosil olingan boʻlsa, suv tejamkor texnologiya joriy etilgach, lalmi maydonlardan gektariga 45-50 sentnerdan hosil olish imkoniyati yaratildi.Shuningdek, mazkur innovatsion texnologiya joriy etilgach, gʻalla maydonlarini sugʻorish, kimyoviy oziqlantirish singari koʻplab agrotexnik tadbirlar avtomatik tarzda, inson omili ishtirok etmasdan amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda mavjud 63 gektar yerga ekilgan gʻalla ekinlari yomgʻirlatib sugʻorilyapti.Endilikda Turkiya texnologiyasi asosida jihozlangan innovatsion texnologiya orqali gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekib, yerdan unumli foydalangan holda qoʻshimcha daromad olish imkoniyati yaratildi.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM