Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar kun tartibini muhokama qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-sentyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar turkman xalqiga esa farovonlik tiladi.Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarning keng qamrovli kun tartibini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzaro savdoni koʻpaytirish, sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligida kooperatsiyani chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdilar. Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitining sermahsul natijalari yuksak baholandi.Muloqot yakunida Oʻzbekiston Prezidenti birodar Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedovning suhbati har doimgidek samimiyat, ishonch va doʻstlik ruhida oʻtdi.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM