Samarqand sammiti dolzarb mintaqaviy va global mavzularga boy kun tartibiga ega boʻlishi kutilmoqda

Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida navbatdagi brifing oʻtkazildi. 

— Hafta boshida shu kunlardagi muhim tadbir — Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti haqida qisqacha maʼlumot bergan edik. Bugun sammit doirasidagi tadbirlar boshlanayotganini inobatga olib, sizlar bilan yana bir bor uchrashishga qaror qildik, — dedi Sh.Asadov. — Bugun ertalabdan Samarqand shahriga xorijiy mehmonlar kelishni boshladi. Xususan, hozirgina ilk mehmonimiz — Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Samarqandga yetib keldi. Shuningdek, ayni daqiqalarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari Rozmari Di Karloning tashrifi kutilmoqda.Xabar berilganidek, bugun Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning rasmiy tashrifi boshlanadi. U Samarqandga kunning ikkinchi yarmida yetib keladi, oliy darajadagi muzokaralar bugunning oʻzida boʻlib oʻtadi. Uchrashuv yakunida savdo, kooperatsiya, innovatsiyalar, transport, energetika, turizm va boshqa yoʻnalishlarda hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.Shuningdek, bugun kunning ikkinchi yarmida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovlar ham Samarqandga yetib keladi.Qolgan barcha mehmonlar tashrifi esa ertaga, 15-sentyabr kuni kutilmoqda. Va shu kuni koʻplab ikki tomonlama muzokaralar rejalashtirilgan. Kechga yaqin SHHT sammitining norasmiy tadbirlari boshlanadi.Asosiy tadbir esa 16-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yangi turizm markazidagi Kongress xolda boʻlib oʻtadi.Samarqand sammiti dolzarb mintaqaviy va global mavzularga boy kun tartibiga ega boʻlishi, uning yakunlari boʻyicha SHHT doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirish imkonini beruvchi muhim, qolaversa, tarixiy ahamiyat kasb etuvchi qarorlar va hujjatlar boʻlishi kutilmokda.Sammit SHHT oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda ochiq va keng hamkorlikni ilgari suruvchi, davlatlar oʻrtasida doʻstona, oʻzaro teng huquqli va manfaatli serqirra aloqalarni kengaytirishga xizmat qilayotgan nufuzli tashkilot ekanligini tasdiqlab berishi kutilmoqda.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM