Oziq-ovqat mahsulotlarini ekish 300 ming gektarga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.Davlatimiz rahbari sohadagi vazifalar va yangi imkoniyatlarni aytib oʻtdi.

Eng avvalo:

— joriy yilda qoʻshimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va kelgusida beriladigan 100 ming gektar ekin maydonlari hisobidan importni qisqartirish; 

— oziq-ovqat mahsulotlari ekishni kamida 300 ming gektarga yetkazish.Umuman, oziq-ovqat uchun moʻljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirishni bundan buyon Bogʻdorchilik agentligi belgilab beradi.Mutasaddilarga 15-sentyabrdan boshlab hokim yordamchilari tavsiyasiga koʻra, sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar boʻyicha urugʻlik, oʻgʻit, yoqilgʻi, oʻsimliklar himoyasi hamda aylanma mablagʻ uchun 150 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.Bunda, ushbu mablagʻlarning yarmini naqd pulda ajratishga ruxsat beriladi. Buning uchun, Bogʻdorchilik agentligiga qoʻshimcha 300 milliard soʻm ajratiladi.Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga meva-sabzavotchilikni kreditlashning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish topshirildi.Endilikda kartoshka, sabzavot, yogʻ-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sugʻurtalash xarajatining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi.Buning uchun, kelgusi bir yilda Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 50 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.Bundan buyon paxta va gʻalladagi kabi oziq-ovqatga kredit berishda sugʻurta polisi kredit taʼminoti hisoblanadi.“Bu yangilik koʻplab dehqonlarimizning ishini yurgizib, Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasida ishlatilmay turgan 700 milliard soʻmdan samarali foydalanishga imkoniyat yaratadi”, dedi Prezident.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM