Turkiyaning Koʻnyo shahrida oʻtkazilgan beshinchi Islom birdamligi oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolariga

Muhtaram yurtdoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Turkiya Respublikasining Koʻnyo shahrida oʻtkazilgan beshinchi Islom birdamligi oʻyinlarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qoʻlga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.Jonajon Vatanimizda milliy mustaqilligimizning oʻttiz bir yillik shonli sanasiga bagʻishlab katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan ushbu shukuhli damlarda sizlarning keskin kurashlarda kechgan bellashuvlarda erishgan yutuqlaringiz el-yurtimiz uchun munosib bayram sovgʻasi boʻldi.Har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladigan mazkur nufuzli sport anjumanida yurtdoshlarimiz sizlarning har bir chiqishingizni ommaviy axborot vositalari va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Butun Oʻzbekiston sizlarni qoʻllab-quvvatlab, Yaratgandan omad va zafarlar tiladi.Dunyoning 56 ta davlatidan 4200 nafar sportchi ishtirok etgan ushbu musobaqalarda milliy terma jamoamiz aʼzolari ulkan mahorat, gʻayrat va matonatini, gʻalabaga boʻlgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qoʻlga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir.Ayniqsa, Oʻzbekiston vakillari Eron, Ozarbayjon, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Turkiya Respublikasidan keyin faxrli ikkinchi oʻrinni egallaganlari mamlakatimiz sportida yana bir yorqin sahifa boʻldi.Oʻzbek sportining iftixori boʻlgan Ruslan Nuriddinov, Akbar Joʻrayev, Sarvarbek Zafarjonov, Tursunoy Jabborova ogʻir atletika, Olga Zabelinskaya velosport musobaqalarida uchtadan oltin medalni qoʻlga kiritgani sport tarixida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.Boʻlib oʻtgan qizgʻin bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Ulugʻbek Rashidov, Adhamjon Ergashev, Safina Sadullayeva, Diyora Keldiyorova, Sharifa Davronova va boshqa sportchilarimizning isteʼdodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berdi.Ushbu musobaqalarda Oʻzbekiston paralimpiyachilari ham yuksak jasorat va matonat namunalarini koʻrsatganlarini alohida taʼkidlash lozim. Ayniqsa, Azizbek Boynazarov, Omadbek Hasanov, Sultonbek Nuriddinov, Baxtiyor Ortiqov, Rasul Atamuratov kabi sportchilarimiz haqiqiy fidoyilik fazilatlarini namoyon etib, milliy jamoamizning muvaffaqiyatiga munosib hissa qoʻshdilar.Azmu shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz ogʻir atletika, dzyudo boʻyicha tengsiz, qilichbozlik, taekvondo, sport kurashlari, suzish musobaqalarida esa yetakchilar safida ekanlarini amalda isbotladilar.Qadimiy Koʻnyo zaminida erishilgan bunday yutuqlar biz uchun ulkan ahamiyatga ega boʻlib, sizlar shu tariqa milliy sport maktabimizning shon-shuhratini, Oʻzbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini jahonga namoyon etdingiz.Hech shubhasiz, sizlarning Islom birdamligi oʻyinlarida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib, yuksak shohsupalarni zabt etganingiz mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish maqsadida olib borayotgan keng koʻlamli islohotlarimizning yana bir amaliy natijasi sifatida koʻpmillatli xalqimizni behad quvontiradi, barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.Fursatdan foydalanib, sizlar kabi yurtimizga mehr va sadoqat bilan yashaydigan, vatanparvar va salohiyatli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringizga, yoningizda turib, erishilgan yutuqlarni taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan zahmatkash ustoz va murabbiylaringizga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chin dildan tashakkur izhor etaman.Yirik xalqaro sport bellashuvi – Islom birdamligi oʻyinlarida qoʻlga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayz-baraka tilayman.Doimo baxtingiz, omadingizni bersin, aziz farzandlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM