Prezident 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi. «Tasavvur qilinglar farzandlarimiz, nevalarimiz bunday loyihadan qanday manfaat ko‘radi. Bu bir yillik emas, yillarga tatiydigan loyiha», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tamal toshiga solgan kapsula ichidagi maktubda shunday yozilgan: «…Elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining betakror ekomuhitini muhofaza qilish maqsadida Saudiya Arabistonining Acwa Power kompaniyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasining qurilishini boshlash uchun keng jamoatchilik bugun 2022 yil 24 fevral kuni tamal toshini qo‘yishga qaror qildik. Ushbu loyiha hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda aholi farovonligini ta’minlashda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Shavkat Mirziyoyev — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti».

Avvalroq, prezident Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi 20ga yaqin yetakchi kompaniyalar o‘rtasida o‘tgan tanlovda 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 2,57 AQSh senti tarif taklifi bilan g‘olib deb topilganini adolatli va raqobat bilan bo‘lganini aytgandi.

Ma’lumot o‘rnida, «ACWA Power» kompaniyasi Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasini quradi. Mazkur elektr stansiya 2024 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda va u yiliga 350 million kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 120 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Buning natijasida 106 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi, ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 35 mingta xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM