insurez
28-06-2024 12:20

Yuridik xizmat ko'rsatish markazi faoliyati sarhisobi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi 5168-sonli “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan respublikamizning barcha tuman (shahar) larida adliya bo‘limlari huzurida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil qilingan. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida NIZOM” ning 13-bandiga asosan, markazlarning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi. - yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash; - yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish; - yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish; - yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning mulkiy hamda boshqa huquq va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash; - davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning loyihalaridagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish. Ushbu qaror bilan Nurobod tumanida ham, tuman adliya bo‘limi huzurida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil qilingan bo‘lib, markaz tomonidan bugungi kunda 122 ta davlat tashkilotlari va muassasalariga yuridik xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Markazga markaz faoliyat boshlagan kundan buyon 49524 ta huquqiy tusdagi hujjatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu hujjatlardan 42735 tasiga ijobiy xulosa berilgan bo‘lsa, 6197 ta hujjat loyihalari rad qilingan bo‘lib, 37 ta hujjat loyihalariga salbiy xulosalar berilgan. Joriy yilda markazning asosiy vazifalaridan kelib chiqib, 540 marotaba joylarda og‘zaki huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 10 marotaba gazetada hamda 6 marotaba televidineyada markaz faoliyatiga doir chiqishlar qilingan. Bundan tashqari, markaz xodimlari tomonidan tashkilotlar manfaatini himoya qilish maqsadida joriy yilda muammoli va nizoli shartnomalarni sudgacha hal qilish uchun 10 ga yaqin talabnomalar kiritilgan. Shu bilan birga, tashkilotlar manfaatini ko‘zlab, sudlarga 3 ta da’vo arizalari kiritilib, tashkilotlarning qonuniy manfaatlari sudlarda ishonchli himoya qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, tuman (shahar) yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman (shahar) larda joylashgan davlat tashkilotlari, muassasalarining huquqiy tusdagi hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish orqali, ham ularning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini sudlarda va boshqa tashkilotlarda huquqiy himoya qilish orqali mamlakatimizda olib borilayotgan huquqiy sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Nurobod tumani adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi

Teglar
- -