Vatanim, xalqim xizmatida ekanligim doimo kuch-g'ayrat, shijoat bag'ishlaydi
Ichki ishlar xodimi deganda ko'pchilikning ko'z oldiga, beixtiyor, maxsus sinovlardan o'tgan, jismonan kuchli, baquvvat erkaklar kelishi tabiiy.
Ammo ular orasida o'z faoliyati, erishgan muvaffaqiyat va natijalari bilan erkaklarga ham o'rnak bo'la oladigan ayollar bisyor.
Ana shunday ayollardan biri Nurobod tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori, leytenant Shahlo Izzatovadir.
Sh.Izzatova yoshligida ichki ishlar xodimasi bo'lish istagini bildirgan vaqtda yaqinlari unga bu kasb qizlar uchun emasligini, nisbatan yengilroq kasbni tanlashi lozimligini tavsiya qilishadi.
Shu tariqa, Shahlo Samarqand davlat universitetida psixologiya yo'nalishi bo'yicha ta'lim olib, oliy ma'lumotli psixolog bo'lib yetishadi.
Ammo uning qalbida sohaga bo'lgan muhabbati, jinoyatchilikka qarshi kurashish va ularning oldini olishga bo'lgan qiziqishlari aslo kamaymaydi.
Shuning uchun ham malakali psixologlarni ichki ishlar organlariga ishga olishayotganini eshitgan kuniyoq u darhol hujjatlarini topshiradi.
Sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan Sh.Izzatova bolalikdagi orzusiga erishib, tizimda psixolog sifatida ish boshlaydi.
"Xizmat vazifam tumandagi xotin-qizlar o'rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari sodir etilishining barvaqt oldini olish, ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
O'tgan davr mobaynida oilalarda yuzaga kelgan õzaro kelishmovchiliklarni bartaraf etish, tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan ayollarga kerakli psixologik yordamlar ko'rsatish, ularni stress holatidan chiqarish yo'lida faoliyat yuritib kelmoqdan.
Albatta, kasbimiz juda ham mas'uliyatli, xizmat faoliyatimiz davrida turli qiyinchiliklarga, mushkul vaziyatlarga duch kelamiz.
Ammo ushbu qiyinchiliklar bizni yanada kuchliroq bo'lishga, sharafli xizmat vazifamizni yanada sidqidildan, yurakdan amalga oshirishga undaydi.
Zero har dam Vatanimiz, xalqimiz xizmatida ekanligimiz bizga kuch-g'ayrat, shijoat bag'ishlab turadi" – deydi qahramonimiz Sh.Izzatova.
Sh.Izzatova nafaqat malakali xodim, balki bir vaqtning o'zida suyukli rafiqa va 2 nafar farzandning onasi hamdir.
Tirishqoq va mehnatsevarligi tufayli xizmat faoliyati oilasi oldidagi vazifalarini, ayollik burchini amalga oshirishiga aslo to'sqinlik qilmaydi.
Oilasi va yaqinlari mehridan, sevimli mashg'ulotidan kuch olayotgan Shahlo Izzatova bugun aholi osoyishtaligi, farovonligi yo'lida o'z xizmat vazifasini sharaf bilan bajarib kelmoqda.