insurez
21-10-2024 09:26

Til bayrami qayerda qanday nishonlanadi?


Ko‘plab xalqlar ona tiliga hurmat sifatida har yili alohida bir kunni bayram qilib keladi.

Xususan, 1952-yil 21-fevralda Bangladesh poytaxti Dakka shahrida yuzlab fuqarolar bengal tiliga rasman davlat tili maqomi berilishini talab qilib, namoyishga chiqdi. Keskin tus olgan hodisa chog‘ida bir necha nafar kishilar qurbon berilgan.

1999-yili UNESCO Bosh konferensiyasida o‘sha mudhish namoyishda o‘z ona tili uchun kurashib, jon bergan yoshlar xotirasiga 21-fevral Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilindi va mazkur sana ko‘plab davlatlarda keng nishonlana boshlandi.

Mashhur yozuvchilar sharafiga belgilangan til bayramlari

Ayrim davlatlarda til bayrami jahonning mashhur shoir va yozuvchilarining tavallud kuniga bag‘ishlab belgilangan. Masalan, har yili buyuk ingliz yozuvchisi va dramaturgi Uilyam Shekspir tug‘ilgan kun – 23-aprelda “Ingliz tili kuni” nishonlanadi. Hozir xalqaro aloqa vositasi bo‘lgan bu tilda bir necha o‘nlab mamlakatlar aho­lisi erkin so‘zlashadi. Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Malta, Avstraliya va Yangi Zelandiya­ning davlat tili hisoblanadi. Osiyo va Afrikaning ayrim davlatlarida ham rasmiy maqomga ega.

Shu kuni jahonda yana bir til bayrami – “Ispan tili kuni” ham keng nishonlanadi. Bu sana 23-aprelda vafot etgan mashhur ispan yozuvchisi Migel de Servantes Saavedra xotirasi bilan bog‘liq.

UNESCO Rus tili kunini ham nishonlash tashabbusi bilan chiqqan. Mazkur bayram uchun Aleksandr Pushkin tug‘ilgan sana – 6-iyun tanlangan.

Estoniyada 1996-yildan buyon 14-mart Ona tili kuni sifatida keng nishonalanadi. Eston adabiy tili rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan yozuvchi va shoir Kristyan Yaak Peterson tavallud kuni sharafiga belgilangan.

Finlandiyada til bayrami – dam olish kuni

Jahondagi eng ko‘p sonli xitoy xalqi o‘zining “Xitoy tili kuni”ni 2010-yildan buyon nishonlab keladi. Bayram dunyodagi eng murakkab yozuv asos­chisi San Sze xotirasiga atab har yili 20-aprelda o‘tkaziladi. Tilning bor boyligi­ni ko‘rsa­tish uchun 80 mingga yaqin iyerog­lifdan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Ammo xitoyliklar kundalik hayotda bor-yo‘g‘i 3–5 mingtasidan foydalanadi.

Xitoy tili hozir Xitoy Xalq Respublikasi, Tayvan va Singapurda rasman davlat tili sifatida qabul qilingan, boshqa mamlakatlarda ham muloqotda foydalaniladi.

Fransuz tili kuni 2010-yildan buyon 20-martda nishonlab kelinadi. Farang lisoni jahon madaniy qadriyatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki aynan mana shu tilda Volter, Didro, Gyugo, Dyuma, Balzak, Rable kabi mashhur shaxslar ijod qilgan.

Sun’iy til – “Esperanto kuni”ni tantana qiladiganlar ham bor. Shu tilda gaplashadigan 2 million kishi har yili 26-iyunda bayram tashkil etadi.

1978-yildan buyon har yili 9-aprelda ma’rifatparvar Mikayel Agrikola sharafiga Fin tili kuni nishonlanadi. Agrikola yozma fin tili yaratilishiga ulkan hissa qo‘shgan. 1543-yili birinchi fin alifbosini yaratadi. Shu sana fin yozma tilining tug‘ilgan yili hisoblanadi. Til bayrami Finlandiyada dam olish kuni hisoblanadi, lekin 1980-yildan boshlab bayram munosabati bilan davlat bayrog‘i ko‘tariladi.

Haydar Aliyevning 2001-yil 1-avgustdagi qaroriga ko‘ra ushbu sana Ozarboyjon alifbosi va tili kuni bayram qilib kelinmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlarida til bayramlari

1998-yil 20-yanvardagi Prezident qarori bilan Qozog‘iston xalqlari tillari kuni sentyabr oyining uchinchi yakshanbasi etib belgilangan. 2007-yildan e’tiboran Qozog‘istonda ish yuritish to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Davlat tilini mukammal bilish har bir qozog‘istonlik uchun zaruratga aylangan.

Qirg‘iziston 1989-yildan buyon har yili 23-sentabrni qirg‘iz tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlaydi. 

Mamlakatimizda ham 1989-yili o‘zbek xalqining ham azaliy orzusi ushaldi. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tili ham davlat tili maqomini oldi.

2020-yil 10-aprelda qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” Qonunning 1-moddasi bilan 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Barchaga O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
 

Teglar
- -