Sitrus oqqanoti – xavfli karantin zararkunandasi
Sitrus oqqanoti aleyrodid oilasiga mansub bo‘lib, sitrus o‘simliklari va subtropik mintaqa o‘simliklari uchun jiddiy zarar yetkazadigan karantin zararkunandasidir.
Sitrus oqqanoti zararkunandasining vatani janubi-sharqiy Osiyo (Xitoy, Hindiston) mamlakatlari hisoblanadi. Hozirgi kunda u tropik va subtropik iqlimli mamlakatlarda keng tarqalgan.
Sitrus oqqanoti Hindiston, Vyetnam, Janubiy Xitoy, Afg‘oniston, Yaponiya, Filippin orollari, Seylon va ko‘pgina MDH davlatlarida uchraydi. 1942-yildan AQSH, Argentina, Braziliya, Chili, Gavayi orollari, Yevropa, O‘rta yer dengizi sohillariga tarqala boshlagan.
Sobiq ittifoq hududida 1957-yil Batumi shahrida mandarin daraxtida birinchi bor aniqlangan. 1963-yilga kelib sitrus oqqanoti keng tarqalib, Krasnodar o‘lkasi va Suxumi shahrini egallagan. Afsuski, bugungi kunga kelib, ushbu hasharot O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqalib ulgurgan.
Sitrus oqqanoti asosan sitrus o‘simliklarida (limon, apelsin, mandarin, trifoliat) rivojlanadi. Shu bilan bir qatorda choy, xurmo, shilvi, nastarin, dafna, jasmin, kamfara, gardeniya, ligustrum kabi o‘simliklarga ham katta zarar keltiradi.
U faqat daraxtlarning barglarida rivojlanadi. Shu bois qish mavsumida barglarini to‘kadigan daraxtlar va butalar oqqanotdan tozalanib turadi, ammo issiqxona o‘simliklariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Ushbu hasharot lichinkalari barglarni so‘rib, uning sharbati bilan oziqlanadi. Shunda barglar kuchsizlanadi va o‘simlik hosildorligi pasayadi. Oqqanotning shirin ajratmalarida zamburug‘lar jadal rivojlanadi, bu esa fotosintezning susayishiga olib keladi, mahsulotning tovar ko‘rinishi yo‘qoladi, hosildorlik 50 foizgacha pasayadi.
Sitrus oqqanoti paydo bo‘lgan xo‘jaliklar, aholi yashash joylari va tumanlarda karantin holati e’lon qilinadi. Holat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining taqdimnomasiga asoslanib, mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlanadi. Shu bilan birga zararkunandaning paydo bo‘lish markazini aniqlash va ularni yo‘qotish choralari bo‘yicha ish rejalari tasdiqlanadi.
Karantin holati tatbiq etilgan tuman, xo‘jalik, aholi yashash joylaridan sitrus o‘simliklari, shuningdek, oqqanot rivojlanuvchi issiqxona gullarini tashqariga olib chiqish man etiladi. Qishda daraxt ko‘chatlari barglarini to‘kkandan keyin fumigatsiya kamerasida brommetil yordamida ishlov berilgachgina, karantin e’lon qilingan hududdan olib chiqib ketishga ruxsat beriladi.
Karantin holati tatbiq etilgan xo‘jaliklar, aholi yashash joylari, tumanlardan tirik o‘simliklar va kesilgan gullarni boshqa tuman, viloyatlarga olib chiqishga faqat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining “Karantin sertifikati” olingandagina ruxsat etiladi.
Yangi barpo etilayotgan bog‘larga karantin inspeksiyasi bilan kelishilgan holda sitrus oqqanotlari bilan zararlanmagan ko‘chatlar ekiladi. Karantin holati e’lon qilingan hududlardan olingan sitrus, manzarali daraxt ko‘chatlarini jismoniy shaxslar tomonidan sotish, pochta va boshqa yo‘llar orqali jo‘natish qat’iyan man qilinadi. Aholiga ekish materiallarini karantin inspeksiyasi ruxsatnomasiga ega bo‘lgan maxsus do‘konlar, tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lgan xo‘jalik va ilmiy tadqiqot muassasalarigina sotishi mumkin. Sitrus oqqanotiga qarshi zararsizlantirilgan hududda uch yil mobaynida kasallik qayta aniqlanmasa, ushbu joyda karantin holati bekor qilinadi.
Zararlanish markaziga birinchi ishlov berish bahor va yozning boshida imagoning birinchi avlodida o‘tkaziladi. Bunda maxsus tavsiyanomalarda keltirilgan kimyoviy vositalardan foydalaniladi. Ikkinchi ishlov berish lichinkalarni birinchi avlodi chiqadigan vaqtda, uchinchi ishlov esa birinchi va ikkinchi avlod lichinkalariga qarshi o‘tkaziladi. Oqqanot bilan kuchli zararlanganda ko‘chatlarda to‘rtinchi ishlov berish sentyabrning birinchi yarmidan mevalarga rang kirgunga qadar amalga oshiriladi va hosil yig‘ib olinishidan 20-25 kun oldin to‘xtatiladi.
Purkash ishlari lichinkalarning ikkinchi avlodi va daraxtlardagi qora dog‘lardan tozalash uchun amalga oshiriladi. Kuz-qish oylarida sitrus o‘simliklari ildizlari yopiq holatda fumigatsiya qilinadi. Fumigatsiya qilish qoidalari, usullari o‘simliklar karantini inspeksiyasi yo‘riqnomalariga asosan amalga oshiriladi. Biologik himoya vositalari sifatida Encarsia, Eretmocerus avlodiga mansub parazitlardan, shuningdek Aschersonia, VerticiLlium, Cephalosporium turiga mansub zamburug‘lardan tayyorlangan biopreparatlardan foydalanish mumkin.
Ushbu zararli karantin ob’yekti paydo bo‘lishi bilan, O‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limlariga murojaat qilish so‘raladi.
G‘.Boymurodov, R.Donaqulov
O‘simliklar karantini va himoyasi
Nurobod tuman fotosanitar nazorati
davlat inspektorlari