Nurobodlik Vestministr universiteti talabasi o'qishini AQSHda davom ettiradi
Yurtimizda o'zining bilimi, tirishqoqligi bilan el-yurt va ustozlar ishonchini oqlab kelayotgan yoshlar bisyor.
Ana shunday umidli yoshlarimizdan biri, "El-yurt umidi" grandi sohibi bo'lgan Asilbek Toshboyev 2004-yilning 15-dekabrida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida tug'ilgan.
Dastlabki ta'limni o'zi tug'ilib o'sgan Ittifoq qishlog'idagi 75-umumta'lim maktabida olgan Asilbek maktabni bitirgach, Samarqand shahridagi Prezident maktabiga hujjat topshirdi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgach, ushbu nufuzli maktab o'quvchisiga aylanadi.
Bolaligidanoq matematika faniga qiziqishi yuqori bo'lgan A.Toshboyev Prezident maktabidagi olgan tahsili davomida tuman fan olimpiadalarida erishgan yuqori natijalarini yanada yaxshilab, matematika fan olimpiadasining Samarqand viloyati bosqichida faxrli 1-o'rinni egalladi.
Prezident maktabidagi ta'lim muddati tugagach, Asilbek Toshboyev talabalik uchun hujjat topshiradi va bir vaqtning o'zida AQSH, Angliya, Italiya, Turkiya kabi jahonning rivojlangan davlatlarining nufuzli oliygohlariga qabul qilinadi. Jumladan, Minnesota, Arizona, Lynn, Liverpul, Turin va boshqalar.
Asilbekning o'zi Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetini tanladi va hozirda ushbu oliygohning 2-bosqich talabasi hisoblanadi. Talabalik davomida ham o'z ustida ishlash va bilimlarini boyitishdan to'xtamagan A.Toshboyev 2024-yilda xorijiy til bilish darajasini aniqlovchi IELTS imtihonlarida munosib ishtirok etib, 8 ballik IELTS sertifikatini qo'lga kiritdi.
Yurtimizdagi eng iqtidorli va tirishqoq yoshlarga beriladigan "El-yurt umidi" stipendiyasi sohibi bo'lgan Asilbek Toshboyev o'z oldiga yuksak maqsad va vazifalar qo'ygan:
"2025 -yilning bahorgi semestridan AQSHdagi Arizona Universitetida "El-yurt umidi" stipendiyasi asosida o'qishimni davom ettirishni maqsad qilganman.
Ushbu nufuzli oliygohda Computer Science, IT va Kvant kompyuterlar sohasi bo'yicha ta'lim olib, yurtimiz ravnaqi yo'lida xizmat qila oladigan malakali kadr bo'lib yetishish va Vatanimizga qaytgach, yurtimiz IT sohasi rivojiga munosib hissa qo'shish niyatidaman" – deydi A.Toshboyev.