insurez
16-09-2024 11:17

Nurobod tumani hokimi o‘rinbosari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi


Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Qorayev ishtirokida “Gʻallachilikda olib borilayotgan ishlar ahvoli va g‘alla o‘rimi mavsumining yakunlari sarhisobi” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
 

D.Qorayevning ta’kidlashicha:

“Gʻalla – xalqimiz rizq-ro‘zi va dasturxonimiz to‘kinligi manbai, nuroniylarimizning turmushimizda farovonlik hukm surishini so‘rab qilgan ezgu niyatlarining ijobatidir. Bobo dehqonlarimizning ertayu-kech qilgan mehnatlari samarasi bo‘lgan bug‘doy o‘rimi mavsumi yakuniga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu jarayon fermerlar, kombaynchilar va sohaga jalb qilingan xodimlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

 

Joriy yil ham hosilni qisqa muddatda nest-nobut qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish uchun puxta hozirlik ko‘rildi.

 

Aytish joizki, Nurobod tumanida joriy yilda fermer xo‘jaliklarining 2 ming 010 gektar yer maydonida g‘alla yetishtirildi. Joriy yilgi mavsumda o‘rim-yig‘im ishlariga 23 ta kombayn va 32 nafar texnika boshqaruvchi jalb qilindi. Mazkur g‘alla maydonlaridan 4 020 tonna boshoqli don hosili yig‘ib olindi.

 

Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, 2023-yilning noyabr va dekabr oylari iliq kelganligi kuzgi boshoqli don ekinlarining o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Buning natijasida erta va optimal muddatda ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlari to‘liq tuplash davriga o‘tib, erta qishlovga kirdi.

 

Yerdan mo‘l hosil olish maqsadida mavsum davomida fermerlar tomonidan zaruriy agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli ravishda o‘tkazildi. Gʻalla maydonlari tabiiy o‘g‘itlar bilan to‘yintirilib, hosilga ziyon yetkazuvchi zararkunandalarga qarshi agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi.

Maxsus vositalar bilan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilganligi natijasida avvalgiga qaraganda suv resurslari ancha tejaldi hamda bug‘doy doimiy ravishda namlik bilan taʼminlandi.

 

Gʻalladan bo‘shagan 1 895 gektar maydonlarda takroriy ekin ekish ishlari tashkil qilindi.

 

Xalq manfaati, el-yurt farovonligi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy baxt, buyuk saodatdir. Rizq-ro‘zimiz va to‘kinchilik asosi bo‘lmish yuksak g‘alla xirmonini bunyod qilish yo‘lida zahmat chekib, o‘rim-yig‘im ishlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan g‘allakorlarimiz va bu jarayonga yordam bergan texnik xodimlarning mashaqqatli ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz”.

Teglar
- -