insurez
24-10-2024 10:47

Munosabat


Joriy yilning 11-oktabr kuni Zarnews.uz telegram kanalida nurobodlik masʼullarning masʼuliyatsizligi yoshlar muammosi hal etilmasligiga sabab boʻlayotgani, tumandagi masʼullarning oʻzlariga biriktirilgan yoshlarga eʼtiborsiz ekanligi, “Yoshlar daftari”da turuvchi yoshlarga koʻmak koʻrsatilishi sustligi, mazkur holat yuzasidan tuman hokimining oʻrinbosari S.Xoʻjamiyarov bilan telefon orqali bogʻlanilganida, intervyu berishni xohlamagani toʻgʻrisida tanqidiy maqola eʼlon qilindi.

Eʼlon qilingan tanqidiy maqola yuzasidan Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari S.Xoʻjamiyarov quyidagicha izoh berib oʻtdi:

“Joriy yilning 11-oktabr kuni tuman hokimi va sektor rahbarlari ishtirokida tumanning Olgʻa, Chorvador va Oʻrtaboʻz mahallalari faollari hamda kambagʻallikni qisqartirish uchun biriktirilgan viloyat, tuman tashkilot rahbarlari va tadbirkorlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda aholini doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi, bandligini taʼminlash, ijtimoiy koʻmaklashish, yashash sharoitlarini yaxshilash, kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha xonadonbay amaliy ishlar olib borildi.

Tuman hokimligidan 4-sektor hududidagi mahallalarga biriktirilganligim uchun kun davomida ushbu mahallalarda boʻldim va yoshlar siyosatini oʻrganishga kelgan Zarnews.uz masʼullari bilan yuzma-yuz uchrashishni imkoni boʻlmadi. Ular bilan telefon orqali bogʻlanib vaziyatni tushuntirdim va bergan savollariga tuman hokimligi axborot xizmati bilan intervyu olib, Zarnews.uz masʼullariga tashlab berganligimni ma’lum qilaman...”

Teglar
- -