Nurobodda yangi tibbiyot binosi foydalanishga topshirildi

Nurobod tumanida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va ko‘lamini yanada oshirish, ularga qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida tuman hokimligi va tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida bir qator muhim ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, bugun tumanning olis mahallaridan biri bo‘lmish Arabota mahallasida tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Tim hududiy bo‘limi poliklinikasi uchun loyiha qiymati 2,0 mlrd. so‘mlik yangi bino qurilib foydalanishga topshirildi.

Tantanali ruhda o‘tgan ochilish marosimida tuman hokimi S.Berdiqulov ishtirok etib, salomatligimiz posbonlarini ushbu shifo maskani ochilishi bilan samimiy qutladi va shifokorlarning jamiyat, insonlar oldidagi o‘rnini yuksak baholab, ularga qiyin va mas’uliyatli xizmat faoliyatida kuch-quvvat va omad tiladi.

“Registon Nur” MCHJ tomonidan qurib bitkazilgan ushbu yangi bino alohida quyosh batareyasi, quyosh nuridan suv isitgichlar bilan ta’minlangan hamda ichidagi barcha jihoz va uskunalar yangi.

Tim hududiy bo‘limida Arabota, Nurafshon, Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi 9 minga yaqin aholiga 30 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Albatta, foydalanishga topshirilgan ushbu yangi bino ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshishiga, aholiga yanada yaqinlashishi va sog‘lom turmush kechirishi yo‘lida xizmat qilishi, shubhasiz.
 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM