Inson salomatligiga ta’sir etuvchi xavfli omillarni boshqarishning tizimli monitoringi va tahlili  mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

Bugun Nurobod tuman hokimligida tuman sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i F.Sulaymonova va soha mas'ullari ishtirokida tumanda fuqarolar salomatligiga ta’sir etuvchi xavfli omillarni aniqlash, boshqarish, tizimli monitoringini olib borish va tahlil qilish borasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida  matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

F.Sulaymonovaning ta’kidlashicha, bugungi kunda Nurobod tumanida aholi salomatligini ta’minlash, turli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, har xil virus va kasalliklarga qarshi immunitet hosil qilish maqsadida vaksinalar bilan emlash ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, 2024-yilning I choragi davomida  ota-onalar mablag‘lari  hisobidan  370 ta bolalar o‘tkir virusli gepatit “A” kasalligiga  qarshi, 698 ta chaqaloqlar virusli gepatit “B”  kasalligiga qarshi, 691 ta  chaqaloqlar silga qarshi, 1678ta  qizlar bachadon-bo‘yin saratoniga qarshi , 1674 ta  bolalar shol kasalligiga qarshi emlangan.

Ushbu davr mobaynida tumanda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida brutsellyoz   kasalligi, o‘tkir diareya va sil kasalligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa, ichburug‘  kasalligi, quturish kasalligi, kuydirgi  kasalligi, Qrim-Kongo gemorragik isitma  kasalliklari mutlaqo qayd etilmagan.

Shuningdek, soha xodimlari tomonidan bozorlarda sanitariya qoidalariga amal qilinishi, aholiga sifatli va toza mahsulotlar yetkazilishini ta’minlash maqsadida o‘rganish-tekshirish ishlari, maktab, bog‘cha va boshqa aholi gavjum joylarda tozalik va sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish masalalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinayotgani ta’kidlandi.

Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasida yo‘llangan savollarga F.Sulaymonova tomonidan batafsil ma'lumotlar berildi.
 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM