Shavkat Mirziyoyev Shahrixon tumanidagi “Elegant shoes and” korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Tadbirkorga erkinlik berilsa, qoʻllab-quvvatlansa, gurkirab rivojlanishiga Shahrixon tumanidagi “Elegant shoes and” korxonasi yaqqol misol. Dastlab ishni kosibchilik shaklida boshlagan tadbirkor oxirgi toʻrt yilda kichik binoda faoliyat yuritar edi. Oʻtgan yili tadbirkor oʻz mablagʻi hisobidan 8 million dollarlik yangi korxona tashkil etdi. Kelajakni inobatga olib, majmua 4 qavatli qilib qurilgan.Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi.Uskunalar Turkiya va Xitoydan olib kelingan. Ishlab chiqarishga turkiyalik dizayner va texnologlar jalb qilingan.Birinchi bosqichda 60 xil poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Hozir bu yerda 500 kishi mehnat qilmoqda. Ikkinchi bosqichda yana shuncha ish oʻrni tashkil etiladi.Korxonaning asosiy moʻljali eksport. Joriy yilda bu koʻrsatkichni 4 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Tadbirkor Yevropa bozoriga chiqmoqchi ekanini aytdi. Davlatimiz rahbari bu boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

— Charm sanoati ham drayverga aylanyapti, korxonalar koʻpayyapti, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Endi ularga kafolatlangan xomashyoni taʼminlab berish kerak. Ikkinchidan, kasanachilik asosida uyda oʻtirgan ayollarni ham jalb qilish zarur. Umuman, bunday ilgʻor korxonalarning rivojlanishiga koʻmak berib, klasterga aylantirish mumkin.

Mutasaddilarga ilmiy institutlarga buyurtma berib, import boʻlayotgan xomashyo materiallarini mahalliylashtirish boʻyicha topshiriq berildi.Davlatimiz rahbari korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

— Bugun Andijonga tadbirkorlikni kengaytirish, barqaror energiya manbalari yaratish, odamlarning daromadini oshirish uchun keldik. Oyliklaringiz qachon oshadi? Chiqarilayotgan mahsulotning bozori chaqqon boʻlsa. Buning uchun sifat, bilim, malaka kerak. Shu bois xotin-qizlarimizning kasb egallashiga alohida eʼtibor qilyapmiz. Ona rozi boʻlsa, oila ham, jamiyat ham rozi boʻladi, — dedi Prezident.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM