Kimyo sanoatidagi natijalar va yangi loyihalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-sentyabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy koʻrsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.Islohotlar natijasida kimyo sanoatida mahsulot turi koʻpayib, rentabellik oshdi. Joriy yil 8 oyda 1 million tonnadan ziyod mineral oʻgʻit ishlab chiqarildi. Eksport qariyb 2 baravar koʻpayib, 330 million dollarga yetdi.Yana bir muhim jihati, sohaga investorlarning ishonchi ortib, sarmoya kiritishni boshladi. Jumladan, bugungi kunda xususiy sektor kimyo tarmogʻida 2 milliard dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning 5 tasi yaqinda ishga tushdi.Shu bilan birga, sohani yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoqqa aylantirish boʻyicha hali qilinadigan ishlar koʻp. Korxonalarni xomashyo bilan taʼminlash va texnologik yangilash, kimyo klasterlari tashkil etish, ishlab chiqarishni kengaytirish zarur.Taqdimotda shu borada bajarilgan ishlar va yil yakunigacha kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.Davlatimiz rahbari bu sohadagi kelgusi vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.Maʼlumki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi yirik korxonalar negizida 4 ta kimyo klasteri tashkil etilmoqda. Ular xomashyodan tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaradigan boʻladi. Hozirda 1,8 milliard dollarlik 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda va 5,6 milliard dollarlik yana 29 ta loyiha rejalashtirilgan.Prezidentimiz ushbu klasterlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun loyiha ofisi tuzish, boʻsh turgan maydonlarni lotlarga ajratib, xususiy investorlarni jalb etish kerakligini aytdi.Kimyo zavodlarida ilgʻor tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda qishloq xoʻjaligini mineral oʻgʻit bilan uzluksiz taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.Bozorda hamisha talab boʻlgan yana bir yoʻnalish – maishiy kimyo vositalari. Hozircha bu talabning katta qismi import hisobidan qoplanmoqda. Mahalliy mahsulotlarning oʻrnini oshirish uchun xomashyo va sifat kerak. Shu bois bu yoʻnalishda xususiy sektorga keng oʻrin berib, ularni xomashyo bilan taʼminlash, xalqaro brendlarni olib kelish vazifasi qoʻyildi.

 

2015-2022 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM