insurez
25-12-2025 15:06

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar himoyalanadi


2025 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida qabul qilindi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shilgani hamda Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligiga qabul qilingan.

2026-yil 1-fevraldan boshlab zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalo, professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar mazkur toifadagi bolalarda zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlarni yoki oila a’zolari, tengdoshlari bilan munosabatlaridagi buzilishlarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitasiya dasturlari asosida o‘qitiladi.

Bolalar professional tutingan oilaga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.

Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.

Bundan tashqari, har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.

Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, 2026-yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlanganligi tufayli oilasidan olingan bolalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlariga ham boshqalardan alohida joylashtirilishi mumkin.

2026-yil 1-sentabrdan boshlab zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli prosyessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha prosyessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi.

Mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

2026 yil 1 martdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslari) uchun “mehrli oila” xizmati tashkil etiladi. Bunda “mehrli oila” xizmati Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integrasiya markazi tomonidan tashkil etiladi.

“Myehrli oila” xizmatiga jalb qilingan ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ga farzandlarining psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.

Farmonda zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar himoyasi va manfaatlari uchun yana qator vazifalar belgilangan.

Teglar
- -