Yurt obodligi — avvalo mahalladan boshlanadi
Vatanimizda joriy yilning 13–14 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. Bu ezgu tadbir xalqimizning qadimiy qadriyatlari va milliy an’analariga tayangan holda yurtimizda keng nishonlanib kelayotgan muhim ijtimoiy tadbirlardan biridir.
Ma’lumki, O‘zbekistonda hashar azaldan xalqimizning qadimiy va ezgu an’analaridan biri hisoblanadi. Asrlar davomida odamlar bir-birlariga beg‘araz yordam berish, ko‘cha-kuylarni obodonlashtirish, uy-joylarni ta’mirlash, qurish hamda ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish maqsadida hasharlar tashkil qilib kelganlar. Bu an’ana xalqimizning mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat kabi yuksak fazilatlarini yaqqol namoyon etib kelmoqda.
Mustaqillik yillarida ushbu an’ana yanada rivojlantirilib, umumxalq xayriya hasharlari mamlakat miqyosida muntazam ravishda o‘tkaziladigan an’anaviy tadbirlardan biriga aylandi. Ayniqsa, bayramlar arafasida hamda obodonlashtirish oylarida mahallalar, korxonalar, tashkilotlar hududlari, ko‘chalar, bog‘ va istirohat maskanlarini tartibga keltirish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ham ushbu ezgu an’ana davom ettirilib, mamlakatimizda “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” shiori ostida umumxalq xayriya hasharlari keng miqyosda tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlar shahar va qishloqlarimizni yanada obodonlashtirish, mahallalarimizning ko‘rki va fayzini oshirish, atrof-muhitni asrash hamda aholi o‘rtasida hamjihatlik va mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hashar davomida mahalla ko‘chalari tozalanib, ariqlar va zovurlar tartibga keltiriladi, daraxt hamda gul ko‘chatlari ekilib, yashil hududlar kengaytiriladi. Bu esa nafaqat hududlarning obodonlashishiga, balki ekologik muhitning yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.
Ayniqsa, yoshlar, nuroniylar, mahalla faollari, turli tashkilot va idoralar vakillari hamda xodimlarining faol ishtiroki hasharlarning mazmun-mohiyatini yanada boyitmoqda. Ular birgalikda mahalla hududlarini tartibga keltirib, bolalar maydonchalari, dam olish maskanlari hamda jamoat joylarini obodonlashtirish ishlarida faol qatnashmoqdalar.
Umumxalq xayriya hashari nafaqat obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, balki insonlarni ezgulikka, saxovat va hamjihatlikka chorlash, jamiyatda o‘zaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, mahalla — jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini, xalqimizning qadimiy urf-odatlari va milliy qadriyatlari asrlar davomida saqlanib kelayotgan muqaddas maskandir.
Shu bois ham yurtimizning har bir fuqarosi o‘z mahallasining obodligi va farovonligi uchun hissa qo‘shishi, atrof-muhitni asrash hamda obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishi muhimdir. Chunki mahalla obod bo‘lsa — yurt obod bo‘ladi.
S.U. Quliyev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi raisi




