Yoshlar uchun yana bir imkoniyat
Hozir globallashuv jarayonida xorijiy tillarni o‘rganish va bilish davr talabi, zamon bilan hamnafas bo‘lish hisoblanadi.
Shu bois, aholini, ayniqsa yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishlari uchun qo‘lay shart-sharoitlar yaratish va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlatimizning doimiy diqqat markazidagi masaladir.
Joriy yilning 08-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir - “Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratish hamda o‘quv markazlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra “2+6” dasturiga muvofiq yoshlarga subsidiya ajratishning quyidagi tartibi belgilandi.
Ya’ni, “2+6” dasturi belgilangan xorijiy tillarni bilish bo‘yicha ballning (darajaning) kamida minimal ko‘rsatkichli sertifikatiga ega bo‘lgan ariza beruvchi o‘quv markazi tomonidan unga xorijiy tilni o‘qitish xizmatini ko‘rsatgani uchun dastlabki ikki oy uchun o‘qish xarajatini o‘z hisobidan to‘laganda, keyingi olti oygacha o‘qish xarajati uchun O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida subsidiya ajratiladi va u quyidagi miqdorda:
- Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravarigacha;
- tuman (shahar)larda — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarigacha (baaviy hisoblash miqdori hozirgi kunda 412 ming so‘mni tashkil qiladi).
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2025-2026-yillarda o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan 20 ming nafargacha, 2031-yilga qadar har yili 20 ming nafargacha yoshlarga o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda, tegishli yilda subsidiya ajratilgan yoshlar soni 20 ming nafardan oshgan taqdirda, o‘sha yil uchun subsidiya ajratish keyingi yilga qadar to‘xtatiladi.
Ariza beruvchilarning xorijiy tilni o‘qish xarajati uchun:
- o‘quv markazlarining reytingini shakllantirish uchun belgilangan tartibda elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan;
- ariza beruvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashganini kunlik elektron nazorat qilish imkonini beruvchi elektron platformaga integratsiya qilingan o‘quv markazlariga “2+6” dasturi doirasida subsidiya ajratiladi.
Darhaqiqat, xalqimizda “Til bilgan – el biladi”, - degan naql bor, yoshlarning til bilishi nafaqat o‘zi uchun, balki butun jamiyatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.
N.Z.Quvondiqov,
Nurobod tumani adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i




