insurez
28-08-2024 16:11

Yoshlar — istiqbolimiz poydevori


Yoshlar — har qanday jamiyatning ertasi. Ular tom maʼnoda, Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi hisoblanadi. Zero, yangi Oʻzbekiston yoshlari — kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir.

 

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda, mamlakatimizda ham  yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan doimiy muloqot qilish, ularning intellektual, ma’naviy va jismoniy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, umuman, yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan munosib shart-sharoitlarga javob sifatida o‘zining tashabbuskorligi va intiluvchanligi bilan tengqurlariga ibrat bo‘lib kelayotgan yoshlarimizdan biri Dilnur A’zamovdir.

Dilnur A’zamov 1995-yilda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida tavallud topgan. U 2017-yilda Samarqand davlat universitetini (bakalavr), 2019-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (magistratura) kadrlar menejmenti mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Dilnur A’zamov talabalik yillari davomida bir qancha yutuqlarga erishgan. Jumladan, 2015-yilning 14 – 15-may kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Menejment va marketing” fanidan talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2015 – 2016-o‘quv yili yakunida esa iqtidorli talabalar uchun ta’sis etilgan Navoiy nomli Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.

Shuningdek, u bakalavriat bosqichida ta’lim olgan yillari mobaynida Samarqand viloyati “Munozara” to‘garaklari treneri sifatida, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Samarqand davlat universitetidagi boshlang‘ich tashkilotida “Iqtidorli talabalar va yosh olimlar bilan ishlash” yo‘nalishi sardori hamda Ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti yetakchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Magistraturadagi tahsili davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida kichik ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan.

Dilnur A’zamov hozirgi kunda ham ilm-fan sohasidagi izlanishlarini davom ettirib, Samarqand davlat universitetida mustaqil izlanuvchi (PhD) sifatida ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, Dilnur jamoatchilik tadbirlarida faol tashkilotchilardan biri sifatida muntazam ishtirok etib keladi. U 2019–2023-yillarda “Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan. “Yuksalish” harakatidagi faoliyati davomida Prezident farmon va qarorlari, davlat va hududiy dasturlarning joylardagi ijrosi yuzasidan 100 dan ortiq jamoatchilik nazorati tadbirlarini tashkil qilish va o‘tkazishda faol qatnashgan.

2021-yil aprel oyidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand filiali qoshida tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubi, 2022-yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi hisoblanadi.

2021-yilda yoshlar muammolarini o‘rganish hamda ularni bartaraf etishga ko‘maklashish, chekka hududlarda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlaridagi faol ishtiroki, ilm-fan sohasidagi yutuqlari, jamoatchilik ishlarida ko‘rsatgan tashabbuskorligi va faolligi uchun Samarqand viloyati hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlangan.

Dilnur A’zamov mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning tub mazmunini, ularning maqsadlarini yaxshi anglagan holda davlat dasturlari muhokamasida muntazam ishtirok etib keladi.

Xususan, 2020-yil uchun mo‘ljallangan Davlat dasturi muhokamasida faol ishtirok etib, dasturning bandlari va ularda belgilangan vazifalar yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini qoldirgan. Uning “talabalar turarjoylarini davlat-xususiy sherikligi asosida qurish” taklifi inobatga olinib, Davlat dasturida o‘z ifodasini topgan.

Mamlakatimizda konstitutsiya islohotlari yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamalarini tashkil etishda faol qatnashib, o‘zi ham 10 dan ortiq takliflarni meningkonstitutsiyam.uz platformasi orqali bildirgan.

Dilnur A’zamov o‘zi tug‘ilgan mahallasi, qishlog‘i obodligi, o‘quvchi yoshlarning sifatli va mukammal ta’lim olishlari yo‘lida muntazam jonbozlik ko‘rsatib keladi.

Jumladan, “Ochiq budjet” platformasi orqali tashkil qilib kelinayotgan “Tashabbusli budjet” loyihasining ilk mavsumidayoq Tegirmonboshi mahallasi hududidagi 63-umumta’lim maktabi uchun sport hamda Workout maydonchalari qurish tashabbusi bilan qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Keyingi mavsumlarda qishloq aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash (asfaltlash) loyihalarida ham mahalla aholisining birgalikda harakat qilishini muvofiqlashtirib borgan.

Shuningdek, tashabbuskor do‘stlari va homiylar ko‘magi asosida 2021-yildan buyon Jom, Girdiqo‘rg‘on, Tegirmonboshi va Omondara mahallalaridagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Umidli yoshlar” tashabbusli fan olimpiadasini o‘tkazib keladi. Ushbu loyiha jamiyatda ilm-fanga bo‘lgan e’tibor va talabni kuchaytirish, o‘quvchi-yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish va kelgusida tashabbusni tuman, viloyat, respublika miqyosida ommalashtirish kabi ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil qilingan.

Dilnur A’zamov 2023-yil 16-maydan Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Dilnur A’zamov faqatgina faol tashabbuskor, jamoatchilik vakili, yetuk salohiyatli kadr va ilm-fan namoyondasi bo‘libgina emas, balki namunali oila boshlig‘i sifatida 2 nafar farzandini kelgusida Yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadr bo‘lib yetishishlari yo‘lida munosib tarbiya etib kelmoqda.

Teglar
- -