Yoshlar bilan muloqot — kelajak sari mustahkam qadam
Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov tumandagi 1-son politexnikumida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashib, ular bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv yoshlarning fikr-mulohazalarini eshitish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kasb-hunar ta’limi jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida politexnikum o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, ta’lim jarayoni, kelajak rejalari, kasb tanlash va bandlik imkoniyatlari yuzasidan tuman rahbariga savollar yo‘lladi. Yoshlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar diqqat bilan tinglanib, ularning ilg‘or g‘oyalari, tashabbuslari hamda ijodiy qarashlari tuman rahbari tomonidan yuqori baholandi.
M.Buranov o‘z so‘zida yoshlar — mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy tayanchi ekanini alohida ta’kidlab, bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi hamda o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etdi. Shuningdek, yoshlarni zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni egallashga, mehnatsevar, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga da’vat etdi.
Shundan so‘ng tuman hokimi politexnikumda o‘quvchi-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, kasb-hunar o‘rganish jarayonlari tashkil etilgan ustaxonalarda bo‘lib, payvandlash, tikuvchilik hamda boshqa ishlab chiqarish yo‘nalishlarida amaliy bilim olayotgan yoshlarning faoliyati bilan tanishdi.
Amaliy mashg‘ulot jarayonida yoshlar tomonidan bajarilayotgan ishlar, ularning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan o‘quv jarayonlari tuman rahbarida iliq taassurot qoldirdi. Hokim yoshlar bilan bevosita suhbatlashib, ularning kelajakdagi rejalari, tanlagan kasblari va o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlari haqida so‘radi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda kasb-hunar egallagan yoshlar nafaqat o‘z kelajagini mustahkamlaydi, balki jamiyat rivoji, hudud iqtisodiyoti taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shadi. Shu bois politexnikumlarda tashkil etilgan amaliy ta’lim jarayonlari yoshlarning zamonaviy kasblarni puxta egallashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uchrashuv o‘quvchi-yoshlar kelajagiga katta qiziqish uyg‘otib, ularni yanada faol, tashabbuskor bo‘lishga, o‘z ustida ishlashga va kelajakda jamiyatga munosib xizmat qiladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga undadi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning fikrini eshitish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish hamda hududda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada samarali amalga oshirishga xizmat qilmoqda.




