Yosh tadbirkorlar bilan uchrashuv: muammolar va yangi loyihalar muhokama qilindi
Bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov tumandagi yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganish hamda yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Qabul jarayonida yosh tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, amalga oshirilayotgan biznes loyihalari, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish, kredit va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yer ajratish hamda infratuzilma bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘z taklif va murojaatlarini bildirdi.
Tumanning yosh tadbirkorlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar tinglanib, ularning har biri yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etilib, o'rganish talab qiladigan masalalar bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.
Tuman rahbari uchrashuv davomida yoshlar bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanib borayotganini alohida ta’kidlab, davlatimiz tomonidan yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes g‘oyalarini hayotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etdi.
— Yoshlarning tashabbusi, g‘oyasi va mehnatsevarligi har qanday hudud taraqqiyotining eng muhim omilidir. Nurobodda ham yosh tadbirkorlar safi tobora kengayib, ular yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy xizmat va ishlab chiqarish yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynamoqda, — deya ta’kidladi tuman rahbari.
Shuningdek, uchrashuv davomida yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Samimiy ruhda o‘tgan mazkur qabul yosh tadbirkorlar uchun muhim maydonga aylandi. Uchrashuv davomida yoshlar o‘z biznes g‘oyalarini bevosita tuman rahbari bilan muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu esa ularning kelgusidagi faoliyatiga yangi imkoniyatlar va ishonch bag‘ishladi.




