insurez
04-03-2026 15:09

Yosh iste’dodlar sahnada: “Turon” maktab teatri tanlovining Nurobod tuman bosqichi bo'lib o'tmoqda


Nurobod tumanida yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, ularning san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda milliy teatr an’analarini rivojlantirish maqsadida “Turon” maktab teatri Respublika tanlovining tuman bosqichi o‘tkazilmoqda.

Nurobod tumanidagi 18-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida mazkur tanlovning hududiy bosqichiga tantanali ravishda start berildi. Tadbirda soha mutasaddilari, maktab jamoalari, ustoz-murabbiylar hamda ijodkor o‘quvchilar ishtirok etishmoqda.

Tanlovni Nurobod tumani hokimi o'rinbosari A.Ziyatov ochib berib, ushbu loyiha yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularda sahna madaniyati, badiiy tafakkur va ijodiy fikrlashni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, u tanlovda qatnashayotgan barcha jamoalarga omad va muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng tanlovning belgilangan ikki sharti asosida ishtirokchi jamoalar tomonidan puxta tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, teatr chiqishlari hamda kuy-qo‘shiqlardan iborat rang-barang ijodiy dasturlar namoyish etildi. O‘quvchilar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlarda milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, insoniylik, mehr-oqibat kabi ezgu g‘oyalar badiiy ifoda etildi.

Yosh iste’dod egalari o‘zlarining sahna madaniyati, aktyorlik mahorati va ijodkorlik salohiyati bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladilar. Har bir jamoa o‘z chiqishlari orqali teatr san’atiga bo‘lgan qiziqish va ijodiy yondashuvini namoyon etishga harakat qildi.

Mazkur tanlov yosh avlodni san’atga oshno etish, ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash hamda maktab teatrlari faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Tanlov yakunida eng yaxshi chiqishlar namoyish etgan jamoalar keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

“Turon” maktab teatri tanlovi yoshlarning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni milliy madaniyat va teatr san’ati ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim madaniy-ma’rifiy loyiha sifatida alohida e’tiborga molikdir.

Teglar
- -