insurez
10-12-2025 17:27

“Yong‘in xavfsizligi oyligi” – yanada mas’uliyat yuklaydi


Mamlakatimizda har yili an’anaviy ravishda 1 dekabrdan 30 dekabrga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazib kelimoqda. Ushbu oylikning asosiy maqsadi – aholi, ayniqsa bolalar va yoshlar o‘rtasida yong‘in xavfsizligi madaniyatini oshirish, mavsumiy xavflarni bartaraf etish, hamda har birimizda mas’uliyat hissini kuchaytirishdan iborat.

Qish mavsumida isitish moslamalaridan foydalanish ortishi, elektr qurilmalarining ko‘p qo‘llanilishi va gaz tarmoqlariga tushadigan yuklamalar tufayli yong‘inlar soni oshishi mumkin. Shu bois, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish hayotimiz, salomatligimiz va mulkimizni saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Oylik davomida xonodonlar, maktab va tashkilotlarda profilaktik suhbatlar; isitish pechlari, gaz jihozlari va elektr qurilmalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish; aholi orasida tushuntirish bukletlari va eslatmalar tarqatish; bolalarga va yoshlarga qaratilgan ma’rifiy darslar, o‘quv mashg‘ulotlari; tadbirkorlik sub’yektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini tekshirish; tezkor xizmatlar bilan hamkorlikda tajribaviy o‘quv-amaliy mashqlar o‘tkazish kabi ishlarni amalga oshirishimiz zarur.

Mazkur oylik davomida asosiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilish ya’ni, isitish pechlari va elektr moslamalaridan faqat texnik talablarga muvofiq holda foydalanish; yonilg‘ilarni pech yonida saqlamaslik; simlarining eskirganligini vaqtida almashtirish; gaz uskunalarini mutaxassislar nazoratida ishlatish; bola va yoshlarni yolg‘iz holda yong‘in manbaiga yaqin qoldirmaslik; yong‘in yuz berganda 101 yoki 112 raqamlari orqali tezkor xizmatlarga murojaat qilish shart.

Yong‘in xavfsizligi — bu faqatgina qutqaruv xizmati vazifasi emas. Bu har birimiz uchun kundalik mas’uliyat, o‘zimiz va oilalarimizning xotirjamligi demakdir. “Yong‘in xavfsizligi oyligi” davomida belgilangan barcha talablarga mas’uliyat bilan yondashish va boshqalarga ham tushuntirish har birimizning burchimizdir.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

Nurobod tuman sudi raisi

S.U.Kuliyev

Teglar
- -