Yevropa Kubogi: dzyudochilarimizdan yorqin natija — 5 medal va umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rin
Sloveniya poytaxti — Lyublyana shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Kubogi o‘z yakuniga yetdi. Nufuzli musobaqada yurtimiz dzyudochilari munosib ishtirok etib, 5 ta medal jamg‘argan holda umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu natija O‘zbekiston dzyudosining Yevropa maydonidagi barqaror rivojini yana bir bor tasdiqladi.
Musobaqaning ikkinchi kuni ayniqsa yurtimiz uchun quvonchli kechdi. Nurobodlik yosh dzyudochi Alisher Samanov –90 kg vazn toifasida kechgan keskin va murosasiz bahslarda kuchli raqiblarini ortda qoldirib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Uning ishonchli chiqishlari, matonati va g‘alabaga bo‘lgan intilishi tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Mazkur natija nafaqat Alisher Samanovning shaxsiy yutug‘i, balki Nurobod dzyudo maktabi va umuman mamlakatimiz sporti uchun muhim muvaffaqiyat bo‘ldi. Yevropa Kubogida qo‘lga kiritilgan ushbu yutuqlar yosh sportchilarimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etdi.
Dzyudochilarimizni ushbu munosib natijalar bilan tabriklaymiz va kelgusi musobaqalarda yanada yuqori marralar tilaymiz!




