Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash – shaffof va barqaror taraqqiyot garovi
Yashirin iqtisodiyot — milliy iqtisodiyotning turli bo‘g‘inlarida xufiyona tarzda amalga oshiriladigan, davlat nazoratidan chetda qoladigan hamda soliqlardan bo‘yin tovlashga qaratilgan faoliyat bo‘lib, u jamiyat taraqqiyoti va iqtisodiy barqarorlikka jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur holat nafaqat davlat byudjeti daromadlarining kamayishiga, balki halol raqobat muhitining buzilishiga, korrupsiya xavfining kuchayishiga ham sabab bo‘ladi.
Bugun Nurobod tumanida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, sohada shaffoflikni ta’minlash hamda tizimli muammolarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tuman hokimi M.Buranov, tuman prokurori J.Abdixakimov, shuningdek, soha mas’ullari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
Muhokama davomida tumanda yashirin iqtisodiyot holatlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, mavjud oqsoqliklar va kamchiliklar tanqidiy ruhda muhokama etildi. Ayrim sohalarda hisob-kitoblarning shaffof emasligi, norasmiy faoliyat yuritish holatlari hamda soliq intizomiga rioya qilinmasligi keskin tanqid ostiga olindi.
Yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda zamonaviy raqamli mexanizmlarni joriy etish, nazorat va monitoring tizimlarini kuchaytirish, tadbirkorlar va aholi o‘rtasida huquqiy ong va mas’uliyatni oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul tashkilotlarga belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni tizimli va uzluksiz olib borish barcha darajadagi rahbarlarning ustuvor vazifasi ekanligi qat’iy ta’kidlandi.




