insurez
05-09-2024 14:27

Xalq manfaatlari — ustuvor maqsad


Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohalar bo‘yicha chiqarilayotgan qaror va farmonlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlarni mahalliy Kengashlarda muhokama qilib borish bo‘yicha bandlar kiritilishi mahalliy Kengashlar rolini oshirish bilan bir qatorda chinakam deputatlik nazoratini o‘rnatishni talab etmoqda.

Bu esa deputatlar zimmasiga har doimgidan ham faol va samarali faoliyat yuritishni, o‘z ustida yanada ko'proq ishlash va qonunchilikdagi yangiliklardan doimiy xabardor bo‘lib turish kabi mas'uliyatli vazifalar yuklaydi.

Nurobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni manzilli o‘rganish hamda samarali nazoratni amalga oshirish maqsadida 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 42 ta loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan mahalliy Kengash deputatlari biriktirilib, deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Albatta, bunda Xalq deputatlari Nurobod tumani Kengashi kotibiyati mudiri Bahrom Oblanovning xizmatlari muhim o'rin tutadi.

Aynan Bahrom Oblanov mudirligida tumandagi ijro hokimiyati organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari muntazam ravishda reja asosida tuman Kengashi sessiyalarida muhokama qilib borilmoqda. Muhokamalar davomida tuman Kengashi deputatlari tomonidan fuqarolarimiz xohish-istaklari va joylarda yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan mas’ullarga savollar va tavsiyalar berib kelinmoqda.

Tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan oilalar va fuqarolar sektor rahbarlarining tavsiyalari asosida tuman Kengashi deputatlari tomonidan o‘rganib chiqilib sessiyalarda tasdiqlanmoqda.

Shuningdek, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga ajratiladigan ehtiyojiga ko‘ra yordamlar (asbob uskuna, qurilish materiallari, sog‘lig‘ini tiklash uchun mablag‘ ajratish kabi amaliy yordamlar) tuman Kengashi sessiyalarida tasdiqlanmoqda.

Bir so'z bilan aytganda, tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning muammolari bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatib borish tuman Kengashi deputatlarining doimiy e’tibor markazida.

Teglar
- -