Xalq bilan muloqot — amaliy yechimlar sari muhim qadam
Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranovning navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va korxonalar rahbarlari, soha mutaxassislari, yoshlar hamda murojaat bilan kelgan fuqarolar ishtirok etishdi.
Fuqarolar qabuli oddiy tinglash bilan emas, balki har bir murojaatni joyida tahlil qilish, mas’ullar ishtirokida aniq yechimlar ishlab chiqish tamoyili asosida tashkil etildi. Aholi tomonidan ijtimoiy himoya, tibbiy xizmatlar, doimiy bandlikni ta’minlash, kadastr, gaz va ichimlik suvi ta’minoti, elektr energiyasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqa masalalar ko‘tarildi.
Har bir murojaat yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilanib, ayrim masalalar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar esa alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, imtiyozli kreditlardan samarali foydalanish, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi bog‘lar barpo etish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Fuqarolarga mavjud imkoniyatlar, subsidiya va kredit mexanizmlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Xalq bilan muloqot — taraqqiyot va barqarorlikning mustahkam poydevoridir.




