insurez
15-12-2025 16:23

VOYAGA YETMAGAN SHAXSLARNING JINOIY JAVOBGARLIGINI LIBERALLASHTIRISH


So‘nggi yillarda jinoyat siyosatini insonparvarlashtirish va jazolashdan ko‘ra tarbiyaviy ta’sir choralariga ustuvorlik berish O‘zbekiston huquqiy islohotlarining muhim yo‘nalishiga aylandi. Ayniqsa, voyaga yetmagan shaxslarning jinoiy javobgarligi masalasi davlat tomonidan alohida e’tibor talab etadigan soha hisoblanadi. Chunki voyaga yetmaganlar psixologik, ijtimoiy va axloqiy jihatdan hali to‘liq shakllanmagan shaxslar bo‘lib, ularga nisbatan qat’iy jazolar qo‘llash kelgusida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaxs tushunchasi va jinoiy javobgarlik yoshi

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, jinoyat sodir etilgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar voyaga yetmaganlar hisoblanadi. Umumiy qoida sifatida jinoyat javobgarligi 16 yoshdan, ayrim og‘ir jinoyatlar bo‘yicha esa 14 yoshdan belgilanadi. Biroq qonun chiqaruvchi voyaga yetmagan shaxsning yoshini jinoiy javobgarlikni yengillashtiruvchi holat sifatida tan olib, unga nisbatan alohida huquqiy rejimni belgilagan. Bu esa liberallashtirish siyosatining muhim ko‘rinishidir.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jazolarning liberallashtirilishi

Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jazolarni tayinlashda bir qator cheklovlar belgilangan:

 • umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi voyaga yetmaganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi;

 • ozodlikdan mahrum qilish jazosi faqat istisno hollarda va qisqartirilgan muddatlarda tayinlanadi;

 • sud jazoni tanlashda voyaga yetmagan shaxsning yashash sharoiti, tarbiyasi, ruhiy rivojlanish darajasi va katta yoshdagilar ta’siri ostida bo‘lganligini hisobga olishi shart.

Bu normalar jazoning maqsadi sifatida jazolash emas, balki tuzatish va qayta ijtimoiylashtirish ustuvor ekanini ko‘rsatadi.

Jazodan ozod qilish va tarbiyaviy ta’sir choralarining ustuvorligi

O‘zbekiston jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarni jazodan ozod qilish va ularga nisbatan tarbiyaviy ta’sir choralarini qo‘llash imkoniyati keng nazarda tutilgan. Xususan, sud:

 • voyaga yetmagan shaxsni jazodan ozod qilib, ogohlantirish berishi;

 • ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratiga topshirishi;

 • maxsus tarbiya muassasasiga joylashtirishi mumkin.

Bu chora-tadbirlar liberallashtirishning eng muhim elementlaridan biri bo‘lib, voyaga yetmagan shaxsning jamiyatdan ajralmagan holda to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga xizmat qiladi.

Yarashuv va jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutlari

Amaldagi qonunchilikda yarashuv instituti ham voyaga yetmaganlar uchun muhim ahamiyatga ega. Agar jinoyat katta ijtimoiy xavf tug‘dirmasa va yetkazilgan zarar qoplanib, jabrlanuvchi bilan yarashuvga erishilsa, voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Mazkur mexanizm jazolashdan ko‘ra ijtimoiy adolatni tiklash va nizoni murosaviy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan bo‘lib, liberallashtirish siyosatining amaliy ifodasidir.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston jinoyat qonunchiligida voyaga yetmagan shaxslarning jinoiy javobgarligini liberallashtirishga qaratilgan normalar izchil va tizimli ravishda mustahkamlangan. Jazolarning yengillashtirilishi, tarbiyaviy ta’sir choralarining ustuvorligi, jazodan ozod qilish institutlarining keng qo‘llanilishi voyaga yetmagan shaxsni jamiyatdan ajratmasdan, uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv xalqaro standartlarga mos bo‘lib, O‘zbekistonda insonparvar jinoyat siyosati shakllanayotganini ko‘rsatadi.

 

Sh.Xasanov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi raisi

Teglar
- -