Tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan muammoli masalalar yuzasidan o'rganishlar olib bordi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanining Sahoba, Buloqboshi va Arabota mahallalaridagi ichki yo'llar ta'miri, elektr energiyasi ta'minoti va tuman maktablaridan biridagi muammolar yuzasidan tanqidiy ma'lumotlar tarqaldi.
Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov rahbarligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan hududlarga chiqqan holda tegishli o'rganishlar olib borildi.
Jumladan, Sahoba mahallasining Tutli qishlog'ida joylashgan 59-umumta'lim maktabidagi vaziyat o'rganilganda, binoning fasad va pol qismi, ichki devor yuzalari, deraza romlari, eshiklar va o'quv jihozlari ta’mirtalab ahvolda ekanligi ma'lum bo'ldi.
Aniqlangan ushbu kamchilik va muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish, maktab moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ularning ijrosi yuzasidan mas'ullarga kerakli vazifa va topshiriqlar berildi.
Ma'lumot uchun, ushbu maktabni 2026-yilgi Davlat dasturi asosida mukammal ta'mirlash uchun tegishli takliflar berilgan.
Shuningdek, tuman rahbari hududdagi maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish maqsadida barpo etilayotgan yangi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotidagi qurilish ishlari va hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi tomorqalaridan unumli foydalanishni ta'minlash maqsadida bunyod etilayotgan yangi sug'orish qudug'ining qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Tuman rahbari aholi bilan uchrashuvlarda ularning turmush darajasini yaxshilash, munosib hayot kechirishini ta'minlashga qaratilgan bu kabi ezgu ishlar muntazam davom ettirib borilishini alohida ta'kidladi.
Arabota mahallasida olib borilgan o'rganishlardan ma'lum bo'ldiki, hududda eskirgan, xavfsizlik talablariga to'liq javob bermaydigan bir qancha simyog'ochlar mavjud bo'lib, ushbu muammo qisqa fursatlarda bartaraf etildi hamda eskirgan simyog'ochlar yangisiga almashtirildi.
Bundan tashqari, aholini uzuluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasidagi ishlar sur'atini jadallashtirish maqsadida hududda 2 dona yangi transformatorlar o'rnatilishi va 5 km havo tarmog‘i yangilanishi belgilandi.
4R–52 “Sarikul-Nurobod-Tim” avtomobil yo'lining Nurobod tumani Buloqboshi mahallasidan o'tuvchi 39–61 km oralig'idagi 22 km qismi ta'mirtalab ahvolda ekanligi yuzasidan yo'llangan murojaat ham manzilli o'rganildi.
Ma'lum bo'lishicha, Nurobod tumani yo’llardan foydalanish korxonasi Davlat muassasasi tasarrufidagi davlat ahamiyatidagi ushbu avtomobil yo'lining 2018-yilda 0–27 km qismida 27 km, 2021-yilda 61–65 km qismida 4 km, 2022-yilda 28–29 km qismida 1 km, 2023-yilda 29–39 km qismida 10 km, 2024-yilda 65-70 km qismida 5,3 km asfaltobeton qoplamasi yotqizish ishlari bajarilgan.
2025-yilda avtomobil yo'lining 29–70 km oralig'idagi ta'mirtalab qismlari Davlat dasturi asosida mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 79–116 km oralig’idagi yo’lning ta'mirtalab qismini ta’mirlash bo’yicha Samarqand viloyati avtomobil yo'llari bosh boshqarmasiga tegishli takliflar berilgan.
Tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan olib borilgan o'rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni ijobiy hal etish bo'yicha chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Tumanimizda muammolarning ijobiy yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to'grisida tuman hokimligining rasmiy sahifalari orqali batafsil ma'lumotlar berib borilishini ma'lum qilamiz.