Tohir Malikning "Odamiylik mulki" asarini o'qiganmisiz?
O‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri bo‘lgan Tohir Malik asarlarining asosiy
qismida axloqiy qadriyatlar, odob-axloq masalalari, insoniylik tushunchalari hamda shaxsning ijtimoiy mas’uliyati katta o‘rin egallaydi.
”Odamiylik mulki” asari aslida axloq kitobi bo‘lib, uchta katta faslni o‘z ichiga oladi.
Asarning birinchi fasli “Ishq” deb nomlanadi. Bu faslda dunyo bozoridagi falokat, saodat masalalari, shuningdek, axloqiy tarbiya, ota-ona va farzand munosabatlariga doir axloq hamda muammolar haqida so‘z yuritiladi. Har bir narsaning asosida tarbiya turadi. Dunyoga kelgan farzand aynan oila bag‘rida dastlabki ko‘nikmalarni egallaydi. Milliy urf-odat va an’analar asosan bola yoshligidan boshlab jamiyat va oila orqali unda shakllanib, rivojlanib boradi. Bir so‘z bilan aytganimizda, oila farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan tarbiyalovchi maskan hisoblanadi. Dastlabki axloqiy qadriyatlar, or-nomus, vijdon, to‘g‘riso‘zlilik, insof, halollik kabi xislatlar yosh avlod ongida yillar davomida oila a’zolari, ota-onasi, jamiyat orqali shakllanib boradi. Qadimda ham farzand tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan. Buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur xonadonida o’rnatilgan tartib qoida bo‘yicha nabiralari tarbiyasi bilan Saroymulkxonim shug‘ullangan. Bu ulug‘ xonadonda yosh avlodning tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratilgan. O‘z navbatida, Amir Temur bobo sifatida, xususan, Mirzo Ulug‘bekning harbiy ish, davlatni idora qilish, ilm egallash borasidagi tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadi.
Natijada Mirzo Ulug‘bek ma’rifatparvar davlat arbobi, butun dunyoga mashhur olim,
yetuk falakiyotshunos bo‘lib yetishadi. Buni tarix manbalaridan ko‘rishimiz mumkinki, ulkan natijalar Sohibqiron xonadonidagi ta’lim va tarbiyaning ildiziga borib taqaladi.
Asarning ikkinchi fasli “Baxt” deb nomlangan, ushbu faslda yozuvchi baxt va saodatning kaliti, ilm olish sirlari, jaholatning zarari, sabr – qanoat hamda nafs haqida fikr yuritilgan. Baxtga yetishishning asoslaridan biri ilmga intilishdir. Ilmga intilgan kishi eng yaxshi insonlardan biri hisoblanadi. Odam o‘z insoniy qiyofasini asrash uchun hikmat va ma’rifat libosini kiyishi darkor. Ilmdan yuz o‘girish insoniylikdan yuz o‘girish demakdir. Chunki ilm insoniylikning toji hisoblanadi. Inson ilm bilan sharaf topadi. Ilmi bo‘lmagan insonning yaxshi va yomonnning, foyda va zararning farqiga borishi qiyin bo‘ladi. Bu borada So‘fi Olloyorning quyidagi baytlarini
keltiramiz:
"Agar bo‘lmasa ilming, ey sabuk sayr,
Bilur boling vu boling barchasin xayr."
Baytda aytilganki, "ey shoshqaloq inson, ilming bo‘lmasa, sen uchun foyda ham, zarar ham birdir. Zero, sening zaif fikringcha, gunohlaringning barchasi o‘zingga xayrliday bo‘lib ko‘rinadi."
Demak, inson gunoh va savobning farqiga borish uchun ham bilimga ega bo‘lishi lozim.
Insonlarning boshiga tushadigan kulfat va zulmning asosiy boisi – jaholatdir. Kulfat va
zulmdan xalos bo‘lishning yagona davosi esa – ilm. Jaholat bu aslida haqiqatdan bexabarlikdir. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozim.
Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari ilm o‘rganish bilan shug‘ullanmaydigan, ilmdan yiroq
kishilarni “nodon” deb ataydilar. Johilliklari aniq bo‘lgani sababli ham ular nodondirlar:
"Avval - oxir xo‘blar ketti, qoldim yolg‘iz,
Nodonlardin eshitmadim bir yaxshi so‘z.
Dono ketti, nodon qoldi, yedim afsus,
Yo‘lni topmay, hayron bo‘lub qoldim man."
Ilmdan yiroq kishilar doimo nodonlik ostonasida turishadi, chunki ularda o‘zlari
gapirayotgan so‘zlarni anglamaydi va boshqalarga ham tushuntira olishmaydi. Jaholatning oldini olish uchun birinchi navbatda ilm – ma’rifatga, ta’lim-tarbiyaga e’tiborni kuchaytirish lozim.
Kitobning uchinchi fasli “Saodat” deb nomlanib, unda husnixulq, axloqiy qadriyatlar, odob-axloq masalalari talqin qilingan.