insurez
27-03-2026 19:40

Tepaqul mahallasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda


Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov tuman hududidan o‘tuvchi A-378 xalqaro magistral avtomobil yo‘lining yon tomonlarini obodonlashtirish hamda yashil makonlarga aylantirish borasida Tepaqul mahallasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Mazkur o‘rganish jarayonida tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va korxonalar rahbarlari, soha mutasaddilari hamda mahalla faollari ishtirok etdi. Tuman rahbari hududda amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqib ko‘zdan kechirar ekan, ko‘chat ekish, yer tayyorlash, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda obodonlashtirish ishlarining borishiga alohida e’tibor qaratdi.

A-378 xalqaro magistral yo‘li nafaqat transport qatnovi uchun muhim yo‘nalish, balki tumanning tashqi qiyofasini belgilovchi asosiy hududlardan biridir. Shu bois yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish, zamonaviy va estetik ko‘rinishga keltirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Hudud iqlimiga mos manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish hajmini oshirish, yashil hududlarni kengaytirish, sug‘orish tizimlarini samarali tashkil etish hamda ekilgan ko‘chatlarning parvarishini tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, bajarilayotgan ishlarning sifati va natijadorligiga alohida urg‘u berilib, har bir ekilgan niholning yashab ketishini ta’minlash, hududni obod va ko‘rkam maskanga aylantirish muhim ekani qayd etildi.

Mazkur ishlar natijasida kelgusida Tepaqul mahallasi hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l atrofida yam-yashil, ekologik toza va jozibador muhit yaratilishi kutilmoqda.

Teglar
- -