“Tashabbusli budjet” jarayonlari bo‘yicha seminar tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-avgustdagi PQ-264-son qarori hamda Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 17-dekabrdagi KQ-280-V qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Nurobod tumanida “Tashabbusli budjet” jarayonlarini o‘tkazish va moliyalashtirish tartibiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminar davomida yangi tartiblarning mazmun-mohiyati, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari hamda jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada kuchaytirishga qaratilgan jihatlar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, 2026-yildan boshlab “Tashabbusli budjet” doirasida ovoz berish natijasiga ko‘ra g‘olib bo‘lmagan loyihalarni xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tashabbusi bilan g‘olib deb e’lon qilish amaliyoti joriy etilishi qayd etildi.
Shuningdek, mahallalardagi dolzarb ijtimoiy masalalarni yechishga qaratilgan loyihalarni aholi va davlat sherikligi asosida birgalikda moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi, bu esa hududlarda infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy muammolarni tezkor hal etishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.
Mazkur o‘zgarishlar yuzasidan tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi mas’ul xodimi J.Mirzayev tomonidan mahalla yettiligi a’zolari, fuqarolar hamda jamoatchilik faollariga batafsil tushuntirishlar berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga aniq va atroflicha javoblar qaytarildi.
Seminar yakunida “Tashabbusli budjet” jarayonlarida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash, loyihalarni shakllantirish va ularni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tartiblarni hududlarda to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.




