insurez
04-07-2024 10:39

SUD TIZIMIDA YANGILIK


Rivojlangan davlatlar yurisdiksiyasida turli ko‘rinishlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinayotgan qator amaliyotlar, milliy qonunchiligimizga, qolaversa milliy mentalitetimizga moslashtirib ishlab chiqilmoqda. Yangi tartiblar qonunchiligimizga mexanizm sifatida kirib kelib, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Demakki, odil sudlovni amalga oshirishga katta hissa qo‘shmoqda. Shulardan biri tergov sudyasi institutidir. Tyergov sudyasi instituti bugungi kunda Belgiya, Gresiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida o‘z faoliyatini muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Bu institut, ayniqsa, Fransiyada shakllangan bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘ringa ega. Ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydigan xolis, mustaqil institutdir. Qolaversa, tergov sudyasi instituti sobiq sovet ittifoqi davlatlarida ham jadallik bilan joriy etilmoqda. Xususan, u 2002 yil Litvada, 2003 yil Moldaviya va Estoniyada, 2005 yil Latviyada, 2013 yil Ukrainada, 2015 yil esa Qozog‘iston va Gruziyada joriy etildi. Qirg‘iziston va Armanistonda esa tergov sudyasi institutini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu borada O‘zbekiston davlati dadil qadam tashladi. Inson huquqlarini himoya qilish tizimini «Inson qadri uchun» tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Sud hokimiyatining asosiy vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat. Olib borilayotgan sud-huquq islohatlarining davomi sifatida muhtaram Prezidentimiz 2024 yil 10 iyunda «Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Mazkur Farmon bilan bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi. Tergov sudyasi O‘zbekiston sud tizimi uchun yangi institut bo‘lib, uning oldiga juda muhim maqsad va vazifalar qo‘yilgan. Tergov sudyalari lavozimi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida joriy etiladi. 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ular sudga qadar ish yurituv davrida prosessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. Tergov sudyasining prosessual qarorlarga bergan sanksiyalari faqatgina tegishli apellyasiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ko‘rilgan ishlarni ham yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqish tartibi saqlab qolinadi. Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi: Sanksiyalar: -qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma; -qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma; -pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma; -murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma; -pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma; tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma; -telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma; -mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma; Majburlov choralari: -ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma; -ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi; -ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma; -Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi. Sud-huquq islohotlarida hech bir jarayon birdaniga sodir bo‘lmaydi. Sudlar ixtisoslashib, sudyalar qanchalik ixcham va o‘zlari malakalashgan doirada ish ko‘rish bilan shug‘ullansalar, tabiiyki, ular shu soha qonun-qoidalarini mukammal o‘rganib, ixtisoslashib boradilar. Natijada xatolar soni kamayadi va xolislik ta’minlanadi. Sud-huquq islohotlarining turli bosqichlarida sudlarning ixtisoslashuvi amalga oshirilgan va ishlarning sifatli ko‘rilishini ta’minlab, odil sudlovni ta’minlashda o‘zining ijobiy samarasini berdi. Shu ma’noda, aytganda tergov sudyasi instituti joriy qilinishi o‘z vaqtida va muhim yangilik bo‘ldi. Bugungi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari jinoyat ishlari bilan birgalikda ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlarni, shuningdek, sudga qadar ish yurituv davrida prosessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasidagi iltimosnomalarni ham ko‘rib chiqadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi bilan ish yuklama yengillashadi va sud qarorlarining sifat darajasi yanada oshadi. «Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi» — deyiladi farmonda. Tergov sudyalarining tashkiliy faoliyatlariga Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari rahbarlik qiladi. “Yangi O‘zbekiston — yangi sud» tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq  tizimini  isloh  qilishni jadallashtirishni,  sohaga  ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda. Farmon surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilishga va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining raisi J.Arslanov

Teglar
- -