So'nggi qo'ng'iroq – hayajon, minnatdorlik va orzular bayrami
Bugun Nurobod tumanidagi barcha 78 ta umumta’lim maktablarida “So'nggi qo'ng'iroq” bayrami tadbirlari katta shukuh bilan nishonlandi. O'ziga xos hayajon, faxr va quvonchga to'la ushbu kun har bir bitiruvchi, ularning ota-onalari hamda ustozlar uchun unutilmas voqeaga aylandi.
Tuman markazida joylashgan 1-umumta’lim maktabida o'tgan tantanali tadbirda tuman hokimining birinchi o'rinbosari R.Ibragimov ishtirok etib, bitiruvchilarga o'zining samimiy tilaklari va bayram tabrigini yo'lladi.
R.Ibragimov bitiruvchi yoshlarni, ularning mehribon ota-onalari va fidoyi ustozlarini ushbu muhim kun bilan muborakbod etib, yoshlarga mustaqil hayot sari dadil qadam qo'yishda omad, muvaffaqiyatlar va yorqin kelajak tiladi.
Bayramga ushbu maktabni bundan 50 yil avval tamomlagan keksa bitiruvchilar — otaxonlar ham taklif etildi. Ular bugungi yosh bitiruvchilarga chin dildan ezgu tilaklar bildirib, kelajak hayotlarida duch kelinadigan sinovlar, mehnat va halollik haqida o'z hayotiy tajribalari asosida qimmatli nasihat va maslahatlarini berishdi. Shuningdek, otaxonlar tomonidan maktab kutubxonasiga turli mavzulardagi foydali kitoblar to'plami topshirildi.
Joriy yilda tumanimiz miqyosida 1844 nafar o'quvchi yoshlar maktablarni tamomlashmoqda. Ularning orasida bilimi va namunali odob-axloqi bilan tengdoshlariga o'rnak bo'lgan, maktab hayotida faolligi, iqtidori va zukkoligi bilan ajralib turgan bitiruvchilar alohida taqdirlandi.
Xususan, 20 nafar bitiruvchiga oltin medal, 12 nafarga esa kumush medal tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida o'quv yili mobaynida turli tanlov va musobaqalarda yutuqlarga erishgan faol yoshlar, ularning ota-onalari va fidoyi ustozlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularga tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar va esdalik sovg'alari topshirildi.
“So'nggi qo'ng'iroq” nafaqat bitiruvchilarning maktab bilan xayrlashuvi, balki ularning yangi bosqich – hayot maktabiga qadam qo'yishlarining boshlanishidir.
Nurobod yoshlari esa bu sinovlarga tayyor, ularning ko‘zida ishonch, qalbida kelajakka bo'lgan ishtiyoq, orzu-umidlar yashnab turibdi.