“Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi shiori ostida bajarilayotgan ishlar” mavzusida brifing o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Ibragimov ishtirokida Soliqchi – ko‘makchi tamoyili asosida joriy yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda Nurobod tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida faoliyat yuritish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyilining mazmun-mohiyati o‘zi nimalardan iborat?
Eng avvalo, ish boshlayotgan tadbirkorga birinchi qadamidan boshlab, unga qaysi soliq rejimi qulay va foydali ekanligini tanlab berishimiz zarur. Undan keyingi bosqichda asosiy e’tibor tadbirkorlik subyektining oyoqqa turib olishiga, faoliyat ko‘rsatmayotganlarini qayta tiklashga, buxgalteriyasini yuritish, hisobotlarni shakllantirish va topshirish, muammosi mavjud bo‘lsa hal etish bo‘yicha ko‘maklashishga qaratiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlagan hamda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan va faoliyati davomida ayrim muammoli masalalarga duch kelayotgan tadbirkorlik subyektlariga “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili doirasida yordam berish maqsadida izchil ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan:
“Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili doirasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 467 ta tadbirkorlik subyektlari murojaatlari o‘rganildi.
Jumladan, dastlabki buxgalteriya hisobini yuritishda 229 ta, E-aktiv AAT bo‘yicha tushuncha berish va undan qanday foydalanish bo‘yicha ko‘maklashish bo‘yicha 101 ta, shaxsiy hisob varaqadan ko‘chirma berishda 45 ta, qo‘shilgan qiymat solig‘idan qaytarilgan mavjud ortiqcha summa to‘g‘risida 1 ta hamda boshqa soliq turlaridagi ortiqcha to‘lov summalarini qaytarishda 32 ta holatda tadbirkorlik subyektlariga tegishli maslahatlar berildi va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Masalan, "Dur Jamol" MCHJ, "Nur Sobirbek universal" MCHJ, "Shoxrux saroy" MCHJ, “Nurobod Ariya” MCHJ lariga soliq qonunchiligi to‘g‘risida huquqiy maslahatlar berilib, kerakli amaliy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, “Sarikul Dilmurod Usta” MCHJ, “Rayxona Shirinliklari” OK, “Nurobod sand mene” MCHJlariga tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishi va kengaytirishlari uchun jami 109,3 mln.so‘mlik imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilgan holda bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini-o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4742-sonli qarori muhim hujjat bo‘lib hisoblanadi. Joriy yilning 10 oyida tumanda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 7856 nafarni tashkil etdi.
Bugungi kunda tumanimizda soliq to‘lovchilarning murojaat va savollariga tezkorlik bilan javob qaytarish maqsadida telegram messenjerida “Soliqchi-ko‘makchi” guruhi tashkil etilgan bo‘lib, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari murojaatlari o‘z vaqtida o‘rganilib, amaliy yordamlar berib kelinmoqda.