insurez
12-02-2026 21:19

"Schelkovo Agrohim — Uzbekiston" korxonasida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi


Nurobod tumani Tepaqul mahallasida joylashgan “Schelkovo Agrohim — Uzbekiston” MCHJ qo‘shma korxonasida viloyatdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tadbirkorlar hamda o‘simliklarni himoya qilish vositalari bilan shug‘ullanuvchi korxonalar vakillari ishtirokida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Mazkur tadbir qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, ekinlar hosildorligini oshirish, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan samarali himoya qilish, shuningdek, eksportbop mahsulotlar yetishtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari B.Jabborov ishtirok etib, korxonada ishlab chiqarilayotgan o‘simliklarni himoya qilish preparatlari hamda agroximik vositalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shuningdek, istiqbolli loyihalar, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan o‘simliklarni himoya qilishning zamonaviy usullari, integratsiyalashgan himoya tizimlari, ekinlar hosildorligini oshirish omillari, ekologik xavfsizlik va mahsulot sifatini ta’minlash masalalari yuzasidan ma’ruzalar qilindi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar hamda amaliy tajribalar almashdilar. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligini ilmiy yondashuv asosida rivojlantirish, zamonaviy himoya vositalaridan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish viloyatning eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur seminar hududda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, fermer va tadbirkorlarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish, aholi dasturxoniga sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
 

Teglar
- -