Saroyqo‘rg‘onda baraka unmoqda: pistazorlar kelajagi e’tiborda
Nurobod tumanidagi betakror manzaralarga ega bo'lgan Saroyqo‘rg‘on qishlog‘i hozirgi kunda nafaqat yashash, balki sayohat, dam olish va sarmoya kiritish uchun ham istiqbolli hududga aylanmoqda.
Bugun tuman hokimi M.Buranov va Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i O.Azimovlar hududdagi ayni vaqtda hosilga kirayotgan va hali yosh nihollar ekilgan pistazor bog‘larini ko‘zdan kechirdilar.
O‘rganishlar davomida mavjud pistazorlarni kengaytirish, yangi ko‘chatlar ekish, ulardagi suv ta’minoti va agrotexnik xizmatlar samaradorligini oshirish orqali hududda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish, mahalliy aholi bandligini ta’minlash kabi masalalar yuzasidan muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va fermerlar bilan muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglandi.
Pistachilik yo‘nalishida joriy etilayotgan zamonaviy yondashuvlar, texnologik yangiliklar va ilmiy yutuqlarning tatbiqi orqali Saroyqo‘rg‘on o'rmon xo'jaligi nafaqat ekoturizm, balki ekologik toza mahsulot yetishtirish bo‘yicha ham tumanimizda yetakchi hududlardan biriga aylanishi kutilmoqda.