Samarqand viloyat Nurobod tumani fermerlari kengashining fermerlarga MUROJAATI
GʻALLACHILIKDA GEKTARIDAN 100 SYeNTNER HOSIL OLISH UCHUN HAR BIR FERMER XO‘JALIGI TOMONIDAN BIR OYLIK SAFARBARLIK E’LON QILING – GʻALLACHILIKDA IMKONIYATNI BOY BERMANG!
Samarqand viloyat Nurobod tumani fermerlari kengashining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Bugungi murakkab global iqtisodiy o‘sish sharoitda, oziq-ovqat xavfsizligi dunyo miqyosida dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir davrda, yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud resurslar va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, sifatli va yuqori hosil olish, agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, g‘alla bozorini erkinlashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda ularning narxlari barqarorligini saqlashimizda Siz aziz g‘allakorlardan bugundan boshlab ekilgan g‘allangizga qo‘shimcha ishlov berish hamda mahalliy va mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida berishni davr taqozo etmoqda.
Shunday murakkab pallada Siz dehqonu-fermerlar tomonidan har qachongidan ko‘proq mas’uliyat bilan yondoshib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ko‘plab Farmon va qarorlar Siz, dehqon va fermerlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.
Aynan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 9 dekabrdagi “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-370-sonli qarori bilan fermerlarga katta imtiyoz va vakolatlar berildi. Jumladan, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird an’analariga asoslangan yangi tizimni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, hosildorlikni g‘allachilikda 100 syentnergacha yetkazish borasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.Jumladan:
2026 yil hosilidan boshlab g‘allani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish borasida katta imtiyozlar berilgani ham fermerlarimizni suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga va g‘alladan yuqori hosil olishiga rag‘batlantiradi.
Yangi O‘zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmonini omilkor dehqonlar, fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar hamda sohaning fidoiy olimlari, tajribali mutaxassislarning zahmatli mehnatlari evaziga yaratilishini hammamiz his qilib turibmiz.
Dehqonlar ta’biri bilan aytganda, “Yil yilga o‘xshamaydi”, bugungi kunda g‘alla maydonlarini parvarishlashda o‘zgacha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni davr shiddati taqoza etmoqda.
Hududlarda sohaning olim va mutaxassislari tomonidan shu kunlarda beshta fermerlarning 48 gektar g‘alla maydonlarida ekinlar rivoji pastligi aniqlangan.
Qishloq xo‘jaligi bщlimi va “O‘zagroinspeksiya”ning mutaxassislari tomonidan ham g‘alladan 100 syentner hosil olish borasida o‘n besh kunda fermerlar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ishlab chiqib, Siz fermerlarga yetkazildi.
Samarqand viloyat Nurobod tumani fermerlari kengashi tomonidan g‘allani oziqlantirish va rivojini ta’minlash borasida zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda sust ish olib borayotgan ellik ikkitadan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyati muhokama qilinib, yo‘l qo‘ygan qoloqlikni qisqa muddatlarda bartaraf etilishi yuzasidan ogoh etilib, amaliy tavsiyalar berib kelmoqda.
Aziz mirishkor dehqon va fermerlar!
2026 yil g‘alla hosilidan yuqori daromad olishni ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb masalasi bo‘lib turibdi. O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoiti dehqonchilik uchun, shu jumladan kuzgi bug‘doy yetishtirish uchun qulay hisoblanadi.
2026 yilda har bir gektar g‘alladan 100 syentnerdan hosil olish uchun biz dehqon va fermerlar bugundan ishni boshlash zarur bo‘lmoqda.
Samarqand viloyat fermerlari kengashi rayosati a’zolari, tegishli soha olim va mutaxassislari tomonidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga 2026 yilda har bir gektar g‘alladan 100 syentnergacha hosil olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:
birinchidan, har bir fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alla maydonlarini yana bir bor ko‘zdan kechirib, rivojidan orqada qolayotgan maydonlarni aniqlab oling hamda ushbu maydonlarda agrotexnik tadbirlarni uyushqoqlik bilan tashkil eting!
ikkinchidan, fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan bu yil g‘alladan 100 syentner hosil olaman degan shior bilan “Bir oylik safarbarlik e’lon qiling”;
uchinchidan, g‘alla maydonlaringizda begona o‘t, kasallik va zararkunandalarga qarshi tizimli kurashing. Bunda quyidagilarga jiddiy e’tibor qarating. Jumladan:
Gʻalla maydonlarda “zang” kasalliklariga qarshi fungisidlar bilan, zararkunandalar xasva va shiraga qarshi akarisidlar bilan kimyoviy kurashish ishlarini tashkil eting hamda begona o‘tlarni turlariga qarab gerbisidlar bilan kimyoviy ishlov bering!
to‘rtinchidan, g‘allani bahorgi azotli o‘g‘itlar bilan ikkinchi oziqlantirish ishlarin qisqa muddatda yakunlang hamda peshma-pesh sug‘orish ishlarini tashkil eting. Bunda,
uch kun muddatda barcha maydonlarga yetarli azotli o‘g‘itlar zahirasini yarating va qoloq g‘alla maydonlarini yaxshilash maqsadida gektariga qo‘shimcha 300 kg azotli mineral o‘g‘itlar bilan bahorgi ikkinchi oziqlantirib, g‘alladan barakali hosil olishga erishing hamda biostimulyator va suyuq o‘g‘itlar bilan suspenziya kamida 3-4 marta sepishni tashkil eting;
beshinchidan, oziqlantirilgan g‘alla maydonlarini bahorgi sug‘orish ishlarini tashkil etib, quyidagi tadbirlarni amalga oshiring! Bunda,
- g‘alla maydonlarini bahorgi sug‘orishda har 5 gektarga 1 nafar tajribali suvchilarni biriktiring;
- suvni to‘g‘ri taqsimlab, birinchi navbatda suv borishi og‘ir bo‘lgan g‘alla maydonlarini peshma-pesh va faqat sharbat usulida tunu –kun sug‘oring;
-suvchilarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida oziq-ovqat, etik, fonar va boshqa zarur moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlang.
Oltinchidan, ekilgan g‘alla maydonlarida kunduzi va kechki paytlarda ham dalalarda chorva mollarini boqish holatlari ko‘paymoqda, shuning uchun maysani payhondan himoyalash maqsadida dala chetlarini chetan bilan o‘rashni tashkil eting;
yettinchidan, g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, davlat tomonidan beriladigan subsidiya mablag‘ini oling hamda hosildorlikni har gektariga 10-15 syentnerga oshiring va suvni 35-45 foizga tejang;
sakkizinchidan, ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, dala atroflarini, ichki va xo‘jalik ariqlarini tozalang hamda parallel ravishda ko‘chat ekish ishlarini yakunlang;
to‘qqizinchidan,hozirdan boshlab g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida qatnashadigan kombaynlaringizni shay holatga keltiring;
o‘ninchidan, har bir fermer xo‘jaligi boshlig‘i tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, g‘allaga qo‘shimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib joriy yilda g‘alla hosilini gektariga 100 syentnergacha yetkazib, yuqori daromad olishga erishing.
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bu yil ob-havo noqulay bo‘lishiga qaramasdan g‘alladan yuqori hosil olish uchun shunday mehnat tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman degan dehqon zafarlaridan faxrlansin!
Barcha dehqon fermerlarni g‘alladan 100 syentner hosil olishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Bir oylik safarbarlik oyi” mobaynida g‘allaga qo‘shimcha ishlov berishga va dala chetlariga ko‘chatlar va oziq-ovqat ekinlarini ekishga da’vat etamiz!
Samarqand viloyat Nurobod tumani fermerlari kengashi




