insurez
23-07-2025 16:29

Rasmiy munosabat


Joriy yilning 22-iyul kuni “Samarqand_live” telegram kanali orqali Nurobod tumani “Po‘latchi” mahallasi hududida joylashgan 67-umumta’lim maktabi kirish qismida yakka tartibdagi uy-joy hamda maktab yonida xususiy bolalar bog‘chasi qurib olinganligi haqida murojaat e’lon qilindi.

Mazkur murojaat yuzasidan holat o‘rganib chiqilganda, Nurobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 2018-yil 3-fevraldagi 83-sonli xatiga asosan va Nurobod tumani hokimining 2018-yil 8-fevraldagi №139-Q qaroriga muvofiq, 67-umumta’lim maktabining foydalanilmay kelayotgan 0,12 ga yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

Shundan so‘ng, tuman hokimining 2018-yil 6-martdagi №299-Q-sonli qaroriga asosan, ushbu maydondan 0,12 ga yer maydoni fuqaro Rasulov Temurga 50 o‘ringa mo‘ljallangan xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish uchun ajratilgan. Qurilish uchun zarur bo‘lgan shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilgan va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qiluvchi inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Shuningdek, tuman hokimining 2014-yil 25-dekabrdagi №578-Q-sonli qaroriga asosan fuqaro Esanova Zuxraga 0,06 ga yer maydoni yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan.

Ta’kidlash lozimki, ajratilgan mazkur yer maydonlari 67-umumta’lim maktabining amaldagi foydalanishidagi hududiga kirmaydi va qonunchilik hujjatlariga zid emas.

Shu munosabat bilan, “Samarqand_live” telegram messenjeri orqali bildirilgan murojaat yuzasidan maktab hududida xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti va yakka tartibda uy-joy qurilishi qonuniy asosda ajratilgan yer maydonlarida amalga oshirilayotganini, ushbu qurilish ishlari mavjud me’yor va qoidalar asosida olib borilayotganini ma’lum qilamiz.

 

Nurobod tumani hokimligi Axborot xizmati
 

Teglar
- -