insurez
07-03-2026 20:09

Ramazon — mehr-muruvvat oyi: Nurobodda iftorlik tadbiri o‘tkazildi


Muborak Ramazon oyi yurtimizda o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar jamiyatimizda insonparvarlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan Nurobod tumani hokimligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida tumandagi ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar hamda bir guruh nuroniylar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi.

Mazkur tadbirda viloyat hokimi o'rinbosari B.Karimov, Nurobod tumani hokimi M.Buranov, viloyat "Vaqf" filiali rahbari A.Sultonov hamda tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan iftorlik radbiri davomida nuroniylar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan muloqot qilinib, Ramazon oyining insonparvarlik, saxovat va mehr-oqibat kabi ulug‘ fazilatlari haqida so‘z yuritildi. Dasturxon atrofida ezgu tilaklar bildirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va jamiyatimizda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash bo'yicha duolar qilindi.

Tadbir yakunida “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali tomonidan iftorlik tadbiri ishtirokchilariga hadyalar topshirildi.

Teglar
- -