Prezident sovg‘alari Nurobodlik bolajonlarga bayramona shodlik ulashdi
Barchamiz eng orziqib kutadigan bayram, albatta, Yangi yil bayramidir. Ammo bu bayramni o‘zgacha intizorlik bilan, qalbi quvonchga to‘lib kutadigan o‘z egalari bor. Ular suyukli bolajonlardir.
Murg‘ak qalb egalariga mehr ko‘rsatish, ularga doimo e’tibor qaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri hisoblanadi.
Har yili mamlakatimizda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun Prezident sovg‘alari yuboriladi.
Bugun Nurobod tumanidagi "Diydor" bazmgohida Yangi yil bayrami dasturxoni yozilib, yuqori kayfiyatda o‘tgan bayram tadbirida 100 dan ortiq bolajonlarga Prezidentimizning sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi M.Buranov, DXX tuman bo‘linmasi rahbari E.Oripov, tuman prokurori J.Abdixakimov hamda tuman IIB boshlig‘i S.Sharipov ishtirok etib, bolajonlarni kirib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy qutladi.
Bunday yuksak e’tibordan bolajonlar quvonchiga quvonch qo‘shilib, unutilmas bayram xotiralariga ega bo‘lishdi.
Tadbirda Qorbobo va Qorqiz, ertak qahramonlari ishtirokida ijro etilgan sahna ko‘rinishlari, she’r, qo‘shiq va raqslar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.




