Pedagoglarning maqomi qonun bilan mustahkamlandi
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda pedagoglarning ta’lim tizimidagi o‘rni, ularning faoliyatida davlat boshqaruv organlari va ularning mansabdor shaxslarining qonunga xilof hatti-harakatlarini cheklash hamda ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquqlari, shu jumladan qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada qilingan amaliy ishlardan eng salmoqlisi, joriy yilning 01-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida” gi qonunining qabul qilinishidir.
Ushbu qonun bilan pedagog o‘zi kim, uning huquqlari va majburiyatlari, pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish, ularning mehnatiga haq to‘lash, rag‘batlantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga oid cheklovlar belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu soha bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlaridagi norma va qoidalar alohida bir tizimga solinib, qonun sifatida qabul qilindi.
Ushbu qonunimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan
2023-yil 01-avgust kuni qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan
2023-yil 29-sentabrda ma’qullangan.
Ushbu qonunning yana bir ahamiyatli tomoni – bu pedagoglarning faoliyatiga aralashish, ularni majburiy va boshqa turdagi ishlarga jalb qilish hamda ular faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish bilan bog‘liq qoidalar belgilanganidir.
Chunonchi, qonunning 5-moddasida, O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligiga asosan, ish beruvchi pedagogning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
Quyidagilar taqiqlanadi:
- pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek unga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilish;
- pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;
- pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;
- pedagogni ishga joylashtirilmagan, ta’lim bilan qamrab olinmagan va profilaktika hisobida turgan voyaga yetmaganlar hisobini yuritish hamda ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish ishlariga jalb etish;
- pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish.
Shuningdek, qonunning 5-moddasida, pedagoglarning roziligi bilan ularni qo‘shimcha haq to‘lash sharti bilan kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, lekin siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga jumladan,
- saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etishga;
- test sinovlarida auditoriya nazoratchisi vazifasini bajarishga;
- aholini ro‘yxatga olish ishlarida ko‘maklashishga;
- ta’lim tashkilotlarini tekshirish hamda attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarida ekspert sifatida ishtirok etishga;
jalb qilish mumkinligi belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonunning qabul qilinishi pedagoglarning faoliyatida, ularning kelgusi xizmat vazifalarini bajarishda dastur amal bo‘lib xizmat qiladi deb o‘ylaymiz.
Nurobod tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
boshyuriskonsulti F.U.Tilavov